2011 yilgi mavsumdan buyon «Valensiya» sharafini himoya qilib kelayotgan darvozabon Diyego Alves La Liganing 6-turida «Atletiko»ga qarshi bahsda 2 marta penaltini qaytardi.

Avvaliga ushbu braziliyalik darvozabon Antuan Grizmanning zarbasini bartaraf etgan, so‘ng Gabining gol urishiga yo‘l qo‘ymagan.

U o‘tgan turda ham penalti qaytarib, bu borada Ispaniya tarixidagi eng yaxshi posbonga aylanib olgandi.

Bugun Alves faoliyati davomidagi 19-penaltini qaytardi. Shu vaqtga qadar u qo‘riqlayotgan darvozalarga 36 bor 11 metrlik jarima zarbasi tayin qilingan bo‘lib, posbon shularning 50 foizidan ortiq holatda jamoasini goldan qutqarib qolgan.

1985 yil Rio-de-Janeyroda tavallud topgan Diyego Alves «Valensiya»ga qadar «Atletiko Minero», «Almeriya» kabi klublarda to‘p surgan.