Jamiyat | 09:38 / 27.10.2016
6008
2 daqiqa o‘qiladi

OAV: Ayollar erkaklarga nisbatan ko‘proq ishlashi ma'lum bo‘ldi

Foto: Getty Images

Shveytsariyaning "Jahon iqtisodiy forumi" notijorat tashkilotining tadqiqotiga ko‘ra, ayollar erkaklarga nisbatan bir kecha-kunduzda 50 daqiqa, bir yilda 39 kunga ko‘proq ishlashar ekan. Bu haqida VVS ma'lum qildi. 

Manbada ta'kidlanishicha, erkaklar haq to‘lanuvchi ishga ayollarga qaraganda 34 foizga ko‘proq vaqt sarflashadi. Ayollar esa maosh to‘lanmaydigan ishlar — uy yumushlari, farzandlar va yoshi ulug‘ qarindoshlariga g‘amxo‘rlik qilishga  ko‘proq vaqt ajratishar ekan. Ana shu mehnatni inobatga olgan holda, ayollar erkaklarga nisbatan yilda o‘rtacha bir oydan ko‘proq vaqt ishlashlari aniqlandi.

Hindiston, Portugaliya va Estoniyada ayollar erkaklarga qaraganda 50 kunga ko‘proq mehnat qilishadi. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, dunyoning olti mamlakatidagina erkaklar ayollardan ko‘proq ishlashar ekan: bu Shvetsiya, Daniya, Yangi Zelandiya, Norvegiya, Niderlandiya va Yaponiya. Shimoliy Yevropa mamlakatlarida bu bola tug‘ilishi munosabati bilan beriladigan ta'tilning erkaklar va ayollar o‘rtasida teng bo‘linishi mumkinligi bilan izohlanadi. 

Tadqiqotda ta'kidlanishicha, ishdagi bunday gender tengsizlikni bartaraf etish uchun kamida 170 yil kerak bo‘ladi.

Mavzuga oid