Jahon | 11:52 / 28.10.2016
8302
3 daqiqa o‘qiladi

"Yangi Snouden" AQSh hukumati va noqonuniy josuslar haqidagi ma'lumotlarni o‘g‘irlaganlikda ayblanmoqda

Foto: Globallookpress.com

Milliy xavfsizlik agentligining (MXA) maxfiy ma'lumotlarni o‘g‘irlash bo‘yicha ishi ko‘rilayotgan sobiq xodimi Harold Tomas Martin III amerikalik noqonuniy josuslar haqidagi  ma'lumotlarni o‘g‘irladi. Associated Press sud materiallariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

51 yoshli Martinning himoyasi tergov nihoyasiga yetgunga qadar uni qamoqdan ozod qilishni so‘rab, sudga murojaat qildi. Bundan avval sudya Devid Koppertayt ayblanuvchi AQSh milliy xavfsizlik xizmatiga xavf tug‘dirishiga asoslanib, shu mazmundagi so‘rovni rad etgandi. Shuningdek Koppertayt Martinning uyidan taxminan 50 terabayt maxfiy ma'lumotlarni topishga muvaffaq bo‘lgan prokuraturaning dalillarini ham inobatga oldi, bu ma'lumotlarning ichida razvedka xodimlariga oid ma'lumotlar ham bo‘lgan. 

MXA sobiq xodimining ijtimoiy muhofazachilari Jyeyms Vida va Debora Bordmen, o‘z navbatida, Martin ma'lumotlarni to‘plash va o‘rganishga bo‘lgan qiziqishi, shuningdek yanada malakali mutaxassis bo‘lish istagi  tufayli ularni uyda saqlaganini ta'kidlashmoqda. Bundan tashqari, ular Martin "o‘z oilasi va mamlakatini sevishi" hamda ma'lumotlarni xorijiy razvedka xodimlariga yetkazish niyati bo‘lmaganini aytishdi. 

Martin 27 avgustda hibsga olingan bo‘lishiga qaramay, bu haqida faqat 5 oktabrdagina ma'lum bo‘ldi. Tergov ishi ma'lumotlariga ko‘ra, u shartnoma bo‘yicha federal hukumat bilan ishlovchi MXA xodimi bo‘lgan va milliy xavfsizlikka oid ma'lumotlarga egalik qilgan. The New York Times ma'lumotlariga ko‘ra, ayblanuvchi MXA uchun maxfiy kiberoperatsiyalarni ishlab chiquvchi va ularni amalga oshiruvchi Booz Allen Hamilton kompaniyasi bilan hamkorlik qilgan. 

Martinning uyi va avtomobili, shuningdek omborxona hududida o‘tkazilgan tintuv davomida AQSh hukumatiga tegishli hamda boshqa maxfiy raqamli ma'lumotlar topilgan. Bundan tashqari, hukumatga tegishli bo‘lgan umumiy qiymati 1000 dollardan ortiqni tashkil qiluvchi,  taxminan o‘g‘irlangan buyumlar topilgan. 

Martinga nisbatan davlat mulkini o‘zlashtirish, shuningdek maxfiy materiallarni ruxsatsiz olish va saqlash  ayblovi qo‘yildi. 

Amerika maxsus xizmatlarining ommaviy kuzatuvga doir materiallarni oshkor qilgan MXA sobiq xodimi Edvard Snouden ham Booz Allen Hamilton bilan hamkorlik qilgan. 2013 yilda u Amerika maxsus xizmatlari faoliyatiga oid bir qator hujjatlarni jurnalistlarga yetkazgan. 

Materiallar oshkor qilinganidan so‘ng Snouden AQShdan Honkongga, keyin esa Rossiyaga qochgan va Moskvadagi Sheremetevo aeroportining tranzit zonasida bir oydan ortiq vaqtini o‘tkazgan. 2013 yilning 1 avgustida u RFdan vaqtinchalik boshpana topgan, bir yildan keyin esa - uch yillik yashash huquqini qo‘lga kiritgan. 
 

Mavzuga oid