Donald Tramp ma’muriyati o‘ta qo‘pol xatoga yo‘l qo‘ydi. Prezident jamoasidagi asosiy arboblar AQShning Yamanga zarbalarini muhokama qilarkan, Signal tijoriy messenjerida maxfiy chat ochib, unga tasodifan The Atlantic nashri muharririni ham qo‘shib qo‘yishdi. Natijada AQShning Yamandagi husiylarga qarshi operatsiyasi maxfiy rejasi sms tarzida muharrirga ham jo‘natildi. Bu haqida qator Amerika va G‘arb nashrlari xabar qilmoqda. Oqibatda esa harbiy ma’lumotlar sizib ketishiga yo‘l qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, Tramp komandasining asosiy a’zolari – vitse-prezident J.D. Vens, mudofaa vaziri Pit Hegset, davlat kotibi Marko Rubio hamda milliy razvedka direktori Tulsi Gabbard, Trampning maslahatchisi Stiven Miller, prezident vakili Stiv Uitkoff va jami 18 kishi Yamanga zarba berilishidan oldin maxfiy rejani muhokama qilarkan, bu muloqotda jiddiy xato bilan jurnalist ham ishtirok etdi.

The Atlantic nashri muharriri Jyeffri Goldberg 14 mart kuni Signal messenjeridagi «Houthi PC small group» nomli guruhga qo‘shilgan. Bu guruhni prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi Maykl Uolts yaratgani taxmin qilinmoqda. Chatda Yamanga zarba vaqti va ketma-ketligi, qo‘llanadigan qurol turlari, ehtimoliy siyosiy oqibatlar, Yevropaning reaksiyasi, operatsiyani kechiktirish tarafdorlari va qarshi fikrlar bayon qilingan.

15 mart kuni soat 11:44 da Pit Hegset hujumning batafsil rejasini guruhga yuboradi. Oradan ikki soat ham o‘tmasdan — 13:45 da Yaman poytaxti Sanoda kuchli portlashlar kuzatiladi. Bu esa chatdagi yozishmalarning haqiqiyligini tasdiqlaydi.

Operatsiya yakunlanganidan so‘ng guruhda tabriklar almashilgan, hujum natijalari muhokama qilingan, husiychilar yetakchilaridan biri nobud bo‘lgan bo‘lishi mumkinligi va zarbaning savdo aloqalariga ta’siri ko‘rib chiqilgan.

Jurnalist ushbu voqealardan so‘ng guruhni tark etgan va undan na izoh, na so‘rov olinmagan.

Milliy xavfsizlik kengashi masalaga munosabat bildirarkan, jurnalistning guruhga qo‘shilib qolishi harbiy rejaga zarar keltirmagani aytiladi.

“Bu haqiqiy xabarlashuv zanjiri edi. Jurnalistning qo‘shilishi tasodif bo‘lgan. Lekin bu qanday sodir bo‘lganini biz ko‘rib chiqyapmiz. Yamandagi operatsiya muvaffaqiyatli o‘tdi, harbiylar uchun xavf-xatar yuzaga kelmagan”, -deydi milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Xyuz Brayan.

Muharrir Goldberg o‘z akkauntidan maxfiy materiallarni, mavjud operatsion tafsilotlarni olib tashlaganini bildirdi.