Jahon | 14:53 / 31.10.2016
5534
2 daqiqa o‘qiladi

Qirg‘izistonda o‘tadigan ShHT hukumat rahbarlari kengashi oldidan xavfsizlik choralari kuchaytirildi

Foto: forbes.kg

Qirg‘iziston ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi 31 oktabrdan kuchaytirilgan rejimda ish boshladi. Bu haqda Bishkekda o‘tgan matbuot anjumanida respublika IIV boshqarmasi boshlig‘i Erkin Bayev ma'lum qilgan.

"Ichki ishlar organlarining shaxsiy tarkibi 31 oktabrdan 3 noyabrga qadar jangovar darajada tayyor holatga keltiriladi", — dedi u.

Bayevning so‘zlariga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilarining xavfsizligini ta'minlash maqsadida Qirg‘iziston poytaxtida huquq-tartibot idoralarining 3 ming nafardan ziyod xodimi jalb etilgan.

Shanxay Hamkorlik tashkiloti (ShHT) mamlakatlari hukumat rahbarlari yig‘ilishi 3 noyabr kuni Bishkekdagi "Ala-Archa" davlat qarorgohida bo‘lib o‘tadi.

2 noyabr kuni Xitoy Xalq Respublikasi davlat kengashi vaziri Li Ketsyan Qirg‘izistonga kelishi kutilmoqda.

Qirg‘iziston IIV ma'lumotiga ko‘ra, ayni damda mazkur organ xodimlari kolonna o‘tadigan yo‘nalishlarni kuzatishmoqda, tadbir o‘tadigan joy va delegatsiya vakillari yashash joylarini himoya ostiga olishgan. Bundan tashqari, shaxslarning xatti-harakati ustidan nazorat kuchaytirilgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid