O‘zbekistonda davlat hokimiyati organlarida faoliyat yurituvchi rahbar xodimlariga mamlakat fuqarolarining murojaatlari va muammolari ustida jiddiy shug‘ullanish vazifasi yuklatildi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni talablaridan kelib chiqib, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining elektron qabulxonasiga jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan kelib tushayotgan murojaatlarni ko‘rib chiqishda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish, murojaatlar bilan ishlashning natijadorligini oshirish maqsadida 2016 yil 27 oktabrida 366-sonli qarori qabul qildi. 

Unda yozilishicha, fuqarolar va tashkilotlarning murojaatlarini ko‘rib chiqish bo‘yicha davlat organlarining mas'uliyatini oshirish maqsadida 2014 yil dekabr oyida «Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilindi. Qonunning maqsadi va mohiyati, uning ijrosini amalga oshirish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar belgilandi. 

Vazirlar Mahkamasi tomonidan ushbu Qonun ijrosining qator vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklardagi ahvoli maqsadli o‘rganildi. Xususan, 2016 yil uchun tasdiqlangan ish reja asosida «O‘zstandart» agentligi, «O‘zneftmahsulot» aksiyadorlik kompaniyasi, O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi, O‘rta maxsus kasb-hunar ta'limi markazi, Oziq-ovqat sanoati korxonalari uyushmasi va ularning tizimidagi tashkilotlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va Toshkent shahar hokimligi hamda qator shahar va tumanlar hokimliklarida maqsadli o‘rganishlar amalga oshirildi.

Vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklarda murojaatlar bilan ishlash masalasi tanqidiy muhokama etib borilgan, jismoniy shaxslar va yuridik shaxslarning vakillari qabul qilingan, ularning murojaatlari ko‘rib chiqilgan va haqli talablari qanoatlantirilgan hamda tegishli chora-tadbirlar ko‘rilgan.

Shu bilan birga, tahlillar natijasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shahar va tumanlar hokimliklari, vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruvi organlari tizimida jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash borasida jiddiy kamchiliklar mavjudligini ko‘rsatdi.

2016 yilning 9 oyida respublikadagi barcha davlat organlari va mahalliy hokimliklarga jismoniy va yuridik shaxslardan jami 338,2 mingta murojaatlar kelib tushgan bo‘lib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 3,1 foizga ko‘paygan. Shu jumladan, Vazirlar Mahkamasida murojaatlar soni — 16,3 mingtani, viloyat hokimliklarida — 50,0 mingtani, shahar va tumanlar hokimliklarida — 200,8 mingtani hamda vazirliklar, idoralar va xo‘jalik boshqaruv organlarida — 71,2 mingtani tashkil etgan, deyiladi qarorning kirish qismida.