1 - 6 noyabr kunlari Toshkentdagi "Istiqlol" san'at saroyida taniqli xonanda Botir Qodirovning konsert dasturi tomoshabinlar hukmiga havola etildi. Umuman olganda, konsert ko‘tarinki ruhda o‘tdi, g‘oyalar talaygina. 

Sahna o‘ziga xos tarzda, zamonaviy texnologiyalarni jalb etgan holda bezatilgan. Odatda konsert tashkilotchilari dasturning oxirida e'lon qilinardi, Botir Qodirovning konsertida esa buning aksi bo‘ldi, pardalar ochilmasdan avval sahnaga boshlovchi Kamola Ermatova chiqib, tashkilotchilar bilan tanishtirdi. 

Bundan tashqari, konsertda qo‘shiqchining shogirdlaridan biri Abror Azizov o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi.  

Botir Qodirov dastur avvalida, asosan, repertuaridagi yangi qo‘shiqlardan kuyladi. Xonandaning bu yilgi konsert dasturida Ogahiy, Lutfiy kabi o‘zbek mumtoz adabiyoti vakillarining ijodiga murojaat qilgani tahsinga loyiq, albatta. Kontsertda mumtoz qo‘shiqlar bilan birga zamonaviy  qo‘shiqlar ham yangradi. So‘z ustasi Zokir Ochildiyev Botir Qodirovning Xitoyda 25 mamlakat ishtirokida bo‘lib o‘tgan musiqiy tanlovda eng oliy o‘rinni egallagani haqida e'lon qildi va katta ekranda ana shu safarga doir qisqa rolik taqdim etildi. 

Xonanda konsertni tomoshabinlar bilan muloqot tarzida olib bordi. Kontsert dasturida xonanda O‘zbekistonning turli shaharlaridan tashrif buyurgan asl muxlislarining talablariga binoan mashhur "Ey, do‘stim", "Ko‘ngil izhori" kabi bir necha qo‘shiqlarini jonli tarzda ijro etdi. Boshqa ba'zi xonandalardan farqli o‘laroq, uning jonli ijrosini fonogrammadan ajratish qiyin bo‘ldi, chunki qobiliyat yuqori darajada ekanligi ayon.