Jahon | 07:46 / 15.11.2016
13014
2 daqiqa o‘qiladi

Timoshenko ukrainaliklarni uchinchi Maydanga chorlamoqda

FOTO: EPA

"Batkivshchina" partiyasi yetakchisi, Ukrainaning sobiq bosh vaziri Yuliya Timoshenko ukrainaliklarni 15 noyabrda Kiyevda norozilik namoyishi o‘tkazishga chaqirdi. U bu haqda 14 noyabrda Oliy radadagi chiqishi vaqtida ma'lum qildi.

Timoshenkoning aytishicha, Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko va Milliy banki korrupsiya tayanchiga aylangan, Poroshenko mamlakatdagi muhim lavozimlarga o‘zining biznes-hamkorlarini tayinlagan. "Bugun faqat odamlar adolatni tiklashi va hukumatni o‘z joyiga qo‘yishi mumkin. Ertaga ertalab fuqarolar, jumladan pensionerlar, grivna kursining tushishi, narx-navoning oshishi, o‘z bank omonatlarini qaytarish uchun norozilik namoyishiga chiqadilar", deb e'lon qilindi Timoshenko.

Timoshenko hukumat namoyishchilarni "Kreml qo‘li" deb atashini, biroq aslida "Ukrainadagi vaziyat odamlarning jon-jonidan o‘tib ketganini" aytdi. "Amaldorlar urush bilan berkinishmoqda, o‘zlari esa mamlakatni korrupsiyalashtirib, uni talamoqdalar. Yoki odamlar o‘z huquqlarini himoya qilish uchun birlashadilar, yoki bu hukumat Ukraina xalqini, Ukraina davlatini yo‘q qilib yuboradi", deb ta'kidlab o‘tdi Timoshenko.

29 sentabrda OAVda Timoshenko Kiyevda yangi Maydan tayyorlayotgani haqida xabar berilgandi. Jurnalistlar ma'lumotlariga ko‘ra, norozilik namoyishlariga asosiy sabab kommunal xizmatlarga yuqori narx-navo bo‘ladi.

Maydan – Kiyev va Ukrainaning boshqa shaharlarida 2013-2014 yillardagi qishda o‘tkazilgan ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib, uning natijasida davlatda hokimiyatni zo‘ravonlik bilan o‘zgartirish yuz bergan.

 

Mavzuga oid