Avval xabar qilinganidek, 17 noyabr kuni Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Samarqand shahriga tashrif buyurdi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 18 noyabr kuni Hazrati Hizr majmuiga tashrif buyurib, O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti qabrini ziyorat qildi va Islom Karimov xotirasiga hurmat bajo keltirdilar. Islom Karimov ruhi pokiga Qur'on tilovat qilindi. 

Shundan so‘ng Samarqand shahridagi Forumlar majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti vazifasini bajaruvchi Shavkat Mirziyoyev bilan Turkiya Respublikasi Prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. 

Shavkat Mirziyoyev Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov vafoti munosabati bilan samimiy hamdardlik yo‘llagani uchun Turkiya Prezidentiga minnatdorlik bildirdi. Rajab Erdo‘g‘an Samarqandga tashrif buyurib, Yurtboshimizning yorqin xotirasiga hurmat bajo keltirgani O‘zbekiston xalqiga yuksak ehtirom ifodasidir. 

Ushbu tashrif Turkiyada O‘zbekiston bilan munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berilishidan dalolat ekani qayd qilindi. 

Ta'kidlash joizki, Turkiya O‘zbekiston mustaqilligini birinchilar qatorida tan olgan. 

O‘zbek va turk xalqlari ko‘p asrlik umumiy tarix, yagona til va din, mushtarak qadriyatlar va o‘xshash urf-odatlar bilan bir-biriga chambarchas bog‘langan. 

Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Turkiyaga o‘zining muhim va uzoq muddatli hamkori sifatida qarashini, xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini mustahkamlash, hamkorlikni o‘zaro ishonch tamoyillari asosida rivojlantirish tarafdori ekanini qayd etdi. 

Rajab Erdo‘g‘on Turkiya O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi ustuvor sherik deb bilishini, mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy barqarorligi va iqtisodiy taraqqiyoti izchil davom etishiga ishonchi komil ekanini alohida ta'kidladi. 

Ikki mamlakatning bugungi munosabatlari O‘zbekiston va Turkiyaning imkoniyat va salohiyatiga mos emasligi, ushbu uchrashuv hamkorlikning yangi sahifalarini ochish masalalari yuzasidan batafsil fikr almashish uchun qulay imkoniyat ekani qayd etildi. 

Muzokarada O‘zbekiston bilan Turkiya o‘rtasidagi o‘zaro ishonch muhitini mustahkamlash masalasi muhokama qilinib, tashqi siyosat mahkamalari o‘rtasida muntazam maslahatlashuvlar tashkil qilish, xalqaro tashkilotlar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida fikr almashildi.