Jamiyat | 15:48 / 29.11.2016
10378
2 daqiqa o‘qiladi

OAT “Qishloq qurilish banki” Samarqand mintaqaviy filiali boshqaruvchisi tamagirligi uchun javob berdi

Ochiq aksiyadorlik tijorat “Qishloq qurilish banki” Samarqand mintaqaviy filiali boshqaruvchisi lavozimida ishlagan G‘anisher Mamanov boylik orttirishda jinoyat yo‘lini tanladi. Mansabni egallab turganidan foydalangan G‘.Mamanov bank tomonidan tadbirkorlarga ajratilayotgan kreditni qo‘shimcha daromad manbaiga aylantirishni rejalashtirdi. Bu haqda “Huquq” nashri yozmoqda.

U bankdan 100 mln. so‘m kredit so‘rab murojaat qilgan “Faravon” MChJ rahbari A.Salomovdan kredit bo‘limi boshlig‘i M.Nabiyev orqali “xizmat”i evaziga 2 mln so‘m berishni talab qiladi. Bundan tashqari, u “Kristal Samarqand” MChJ direktori Jalol Isayev hamda “Kristal Jomboy stroy” xususiy korxonasi direktori Olim Rashidovlarning murojaatlarini ham “rahmat” evaziga hal qilib bergisi kelmaydi. Tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan so‘ralayotgan 250 mln. so‘m kreditni tezda chiqarib berish uchun ulardan 4 ming AQSh dollari miqdorida pora so‘raydi.

Olgan kredit pullarining bir qismi talon-taroj bo‘lib ketgan tadbirkorlar 250 mln. so‘m mablag‘ning asosiy qismini belgilangan muddatda to‘lay olishmaydi. G‘.Mamanov ushbu vaziyatdan ham foydalanib qolishga harakat qiladi. Ya'ni u kredit mablag‘lari evaziga tadbirkorlik sub'yektlari tomonidan garov sifatida qo‘yilgan mol-mulkni noqonuniy yo‘llar bilan sotib, katta daromad qilishga urinadi. Ammo G‘.Mamanov ushbu g‘arazli maqsadini oxiriga yetkaza olmaydi. 

Huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida tamagir rahbarning barcha jinoyatlari fosh etildi. Sud G‘.Mamanovga nisbatan jazo tayinlab, hukm chiqardi. Sud hukmiga ko‘ra u 11 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Mavzuga oid