Olimlar: Altsgeymer kasalligini davolashning inqilobiy usuli topildi
MIT olimlari Altsgeymer kasalligini davolashning inqilobiy usulini ixtiro qilishdi - ma'lum bo‘lishicha, xasta kemiruvchilar miyasida gamma-to‘lqinlarni rag‘batlantirish immun tizimini miyadan "oqsil chiqindi"dan xalos bo‘lishga majbur qilar ekan. Bu haqida Nature jurnalida xabar berildi.
"Bu usul insonda ham natija beradimi yoki yo‘q - noma'lum. Ko‘p tadqiqotlar sichqonlarda natija ko‘rsatadi, biroq inson ishtirokidagi klinik sinovlarda muvaffaqiyatsizlikka uchraydi. Agar bizning usulimiz insonlarda ham ish bersa, u holda oldimizda ulkan muammolar yechimi paydo bo‘ladi, zero bunday muolajani o‘tkazish juda oson va u organizm faoliyatiga aralashuvni talab qilmaydi", - dedi Massachusets texnologiya institutidan Li Xuey Tsay.
Altsgeymer kasalligi neyronlar ichida patogen modda - beta-amiloid oqsilining to‘planib qolishi natijasida yuzaga keladi. U ziyon yetgan neyronlarni "ta'mirlash" va ular orasidagi aloqalarning shakllanish jarayonlarida ishtirok etuvchi ARR oqsillar "bo‘laklari"dan hosil bo‘ladi. Ushbu oqsilning eski molekulalarini qayta ishlashdagi buzilishlar asab hujayralarining parchalanishiga olib keladi.
Tsay va uning hamkasblari Altsgeymer kasalligining rivojlanishiga olib keluvchi bu oqsilning neyronlarda to‘planish yoki boshqa biror jarayonlar asoratlarini juda oddiy usulda - miyada sog‘lom neyronlarni ishlab chiqaruvchi "normal" miya to‘lqinlarini qayta tiklash orqali bartaraf etish mumkinligini aniqlashdi.
Miya to‘lqinlari - miyaning asab hujayralari faolligi natijasida yuzaga keluvchi o‘ziga xos elektrik tebranishlar. Tebranishlar, masalan, insonning hozir nima haqida o‘ylayotgani, nimalar bilan shug‘ullanayotgani va uning miyasida qanday boshqa jarayonlar yuz berayotganini aks ettiradi. Yaqinda olimlar uyqu vaqtida muayyan miya ritmlarini rag‘batlantirish xotiraning yaxshilanishiga olib kelishini aniqlashdi.
Olimlar gamma-tebranishlar faoliyati sun'iy ravishda rag‘batlantirilsa, miyada qanday o‘zgarishlar yuz berishini kuzatishga qaror qilishdi. Buning uchun biologlar gamma-to‘lqinlar ishlab chiquvchi miya hujayralarida maxsus oqsillar bo‘lgan sichqonlarning yangi populyatsiyasini o‘stirishdi.
Mazkur g‘oyaga asoslanib, olimlar sichqonlar miya hujayralarini 40 gers chastotali lazer impulslari bilan nurlantirib, gamma-ritmlarni qayta tiklashga harakat qilishdi. Ushbu jarayon deyarli kutilmaganda tez natija berdi - bir necha soatdan keyin ularning miya neyronlaridagi beta-amiloid konsentratsiyasi ikki karra pasaydi va bir necha kun davomida shunday holat saqlanib qoldi.
Nima uchun bunday bo‘lganini hozircha olimlar ham bilishmaydi. Ular miyani tozalashning bunday usuli qanday ish bergani va uning nima uchun gamma-ritmlar bilan bog‘liqligini yaqin kelajakda bilib olishga umid qilishmoqda.
Mavzuga oid
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
19:30 / 12.11.2024
Yong‘oqlar orttirilgan aqliy zaiflikka chalinish xavfini kamaytiradi - tadqiqot
10:56 / 07.11.2024
Pomidordan qulupnaygacha. Marsda yashay oladigan 8 ta o‘simlik ma’lum qilindi
17:18 / 05.11.2024