Alloh taologa beadad hamdu sano va shukronalar bo‘lsin, ikki olam sarvari Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam)ga salovotu salomlar bo‘lsin! Alloh taolo insonni O‘zi xalq qilgan barcha maxluqotlar ichida eng mukarram va aziz qilib yaratdi. Bu haqda Qur'oni karimning «Isro» surasi, 70-oyatida shunday marhamat qiladi:

Darhaqiqat, (Biz) Odam farzandlarini (aziz va) mukarram qildik va ularni quruqlik va dengizga (ot-ulov va kemalarga) mindirib qo‘ydik hamda ularga pok narsalardan rizq berdik va ularni O‘zimiz yaratgan ko‘p jonzotlardan afzal qilib qo‘ydik.

Bu oyati karimada Alloh taolo o‘z bandalariga ato etgan behisob ne'matlarini yod etish bilan birga, insonning naqadar ulug‘ bir mavjudod ekanligiga guvohlik beradi.

Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlarining muborak hadisi shariflarida:

«Mo‘min kishi Alloh taolo nazdida farishtalardan ham mukarram va afzaldir» – degan ekanlar. Mana bu hadisning sharhida shunday deyiladiki, ya'ni «Farishtalarni Alloh taolo faqat toat-ibodat va ba'zi maxsus vazifalarni ado etish uchungina yaratgan. Shuning uchun ularda aql boru, lekin nafsu shahvat yo‘q. Hayvonotda esa, nafsu shahvat boru, lekin aql yo‘q. Ammo odamzodda aql ham bor, nafsu shahvat ham bor. Aql uni to‘g‘ri yo‘lga, savobli ishlarga boshlasa, nafsu shahvat faqat nafsni qondirish, shahvoniy hirsni qoniqtirishga va buning uchun har qanday gunohu ma'siyat ishlaridan qaytmaslikka boshlaydi. Binobarin, agar insonning aqli nafsu shahvatidan g‘olib kelib, uning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u farishtalardan ham ulug‘ maqomda yurgan bo‘ladi. Ammo, bordi-yu nafsu shahvati aqlidan g‘olib kelib, ularning amriga muvofiq harakat qilsa, demak u hayvonlardan ham past martabada qolgan bo‘ladi.

Yuqoridagi oyati karimada Alloh taolo «Insonni aziz va mukarram qilib yaratdik» – dedi. Tafsir kitoblarida insonning qaysi ne'matlar tufayli mukarram ekanligi to‘g‘risida ko‘pgina misollar keltirilgan. Ba'zi mufassirlar mazkur oyatni sharhlab, insonga ato etilgan ne'matlarni ikkiga taqsim qilganlar:

  1. Jismoniy ne'matlar. Bular sihat-salomatlik, yaxshi taom, chiroyli libos, farovon turmush kabilardan iborat bo‘lib, bu ne'matlar barcha bandalarga barobar berilaveradigan narsalardir.
  2. Ruhoniy yoki ma'naviy ne'matlar. Bunga misol qilib, imon, islom, rushdu hidoyat, axloq, insofu tavfiq kabi ijobiy sifatlarni keltirish mumkin. Bu ne'matlar faqat Alloh taoloning inoyatiga musharraf bo‘lgan bandalarigagina nasib bo‘ladi.