Sport | 14:31 / 15.12.2016
6865
2 daqiqa o‘qiladi

Yevropa klublar assotsiatsiyasi JCh ishtirokchilari soni oshirilishiga qarshi chiqdi

Yevropa klublar assotsiatsiyasi (ECA) FIFA rahbari Janni Infantinoning jahon chempionat ishtirokchilari sonini oshirish bo‘yicha taklifiga qarshi chiqdi.

ECA rahbari va «Bavariya» klubi boshqaruv kengashi raisi Karl-Xaynts Rummeniggening fikr bildirishicha, siyosat va tijorat futbolda birinchi o‘ringa chiqmasligi kerak. 

Bundan oldinroq, Infantino FIFA kengashi a'zolarining aksar qismi mundial ishtirokchilari sonini 40 yoki 48taga yetkazish g‘oyasini ijobiy qabul qilgani haqida aytgandi. Bunday islohot 2026 yildan boshlab joriy etilishi mumkin. 

ECA ijroiya kengashi esa bu taklifga qarshi chiqdi va Infantinoga maktub yo‘lladi. Maktubda FIFA bunday qaror qabul qilmaslikka chaqirilgan.

FIFA jahon chempionati ishtirokchilari sonini oshirishi milliy terma jamoaga chaqiriladigan futbolchilarining klublardagi faoliyatiga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘ladi.

«Biz yana sport haqida qayg‘urishimiz kerak. Siyosat va tijorat futbolning asosiy maqsadiga aylanib qolmasligi kerak. Muxlislarning va futbolchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda FIFAni jahon chempionatida ishtirokchilar sonini oshirmaslikka chaqiramiz», - degan Rummenigge.

Jahon chempionati formatini o‘zgartirish va ishtirokchilar sonini oshirish masalasi FIFAning 2017 yil 9-10 yanvarida bo‘lib o‘tadigan kengashida ko‘rib chiqilishi kutilmoqda.

Mavzuga oid