O‘zbekiston | 13:45 / 16.12.2016
6627
2 daqiqa o‘qiladi

Buyuk Britaniya Parlamenti vakili Alan Dunkan O‘zbekistonga tashrif buyuradi

Foto: AP

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining Yevropa va Amerika masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, Parlament a'zosi Alan Dunkan bugun, 16 dekabr kuni O‘zbekistonga tashrif buyuradi. Bu haqida Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchixonasida xabar berildi. 

Manbaga ko‘ra, Alan Dunkan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev inauguratsiyasidan keyin mamlakatimizga tashrif buyuradigan birinchi xorijiy amaldor bo‘ladi. 

Ser Alan Dunkanning O‘zbekistonga tashrifi davomida mamlakat TIV rahbari Abdulaziz Komilov, tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiya va savdo vaziri Elyor G‘aniyev va Senat raisi o‘rinbosari Sodiq Safoyev bilan uchrashishi kutilmoqda. 

"O‘zbekistonga tashrif buyurish va Prezident Mirziyoyevni saylovdagi g‘alabasi bilan qutlash imkoni paydo bo‘lganidan juda xursandman. Men Prezident boshlab bergan islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlayman va ikki tomonlama aloqalarni yanada mustahkamlashda O‘zbekiston hukumati bilan hamkorlik qilishga umid qilaman. Bizning mudofaa sohasidagi terrorizm bilan kurashish borasidagi uzviy hamkorligimiz mintaqa xavfsizligini ta'minlashda avvalgidek muhim ahamiyatga egadir", - dedi ser Alan Dunkan. 

Bundan tashqari, Dunkan O‘zbekiston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishga ishonch bildirdi. "Prezidentning biznes-muhitni yaxshilash va mamlakatda xususiy sektor rolini kengaytirish borasidagi qarori Britaniya kompaniyalari e'tiborini mazkur katta va rivojlanayotgan biznesga qaratishda yordam beradi", - deya qo‘shimcha qildi u. 

Лола Раҳманбаева
Tayyorlagan Лола Раҳманбаева
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid