Tribuna.Uz qishki transferlar vaqtida barchaning diqqat markazida bo‘lishi va mavsum transferiga aylanishi kutilayotgan Xames Rodrigesning Madridda nega o‘ynab keta olmaganini tahlil qilib ko‘rdi.

2014 yilning yozida futbol muxlislari yosh va shiddatli bu futbolchini yoqtirib qolishdi. U Braziliyadagi mundialda terma jamoasini yelkasida chorak finalga qadar olib chiqdi. Bu kolumbiyaliklarning o‘z tarixidagi eng yorqin turniri bo‘ldi va Xames Rodriges milliy qahramon darajasiga ko‘tarilib, sardorga aylandi.

Bu yosh yigit Fransiya chempionatida to‘p surardi, ammo u Urugvay darvozasiga qoyilmaqom qilib gol urgach, uni «Real» prezidenti Florentino Peres ko‘z ostiga oldi va tez orada «Monako»dan 80 mln yevroga transfer qildi.

Shunday qilib, u 23 yoshida «Santyago Bernabeu»ga keldi va 10 raqamli futbolkani kiydi.

O‘sha vaqtda jamoani boshqargan Karlo Anchelotti bu transfer o‘zining tashabbusi emasligini bot-bot ta'kidladi. Braziliyadagi chempionatda oltin butsa bilan taqdirlangan futbolchi «Real» uchun ilk o‘yinini shu oyoq kiyimlarda o‘tkazdi va ikkinchi uchrashuvida «Atletiko» darvozasiga gol ham urdi. Barchasi silliq keta boshlayotgandi.

Primeradagi 2 yilda (61 o‘yin) Xames 21 gol urgan va 23 golli uzatma muallifi bo‘lgan (barcha turnirlarda: 94/27/37). Raqamlar barchasi yaxshi ekanini aytmoqchi bo‘ladi, ammo aslida barchasi teskari ketdi. 

Anchelotti davrida Xames tez-tez maydonda ko‘rinish berar va mutaxassislar bir fikrni takrorlashardi: bu yigit boshlang‘ich tarkib uchun munosib.

Keyin nima bo‘ldi?
Anchelotti «Real» bilan ketma-ket ikkinchi marta Chempionlar ligasi g‘olibi bo‘lishni uddalay olmadi, jamoa yarim finalda «Yuventus»dan yengildi. Buning uchun Peres tajribali mutaxassisni ishdan bo‘shatdi, u o‘tgan mavsumdagi g‘alabalarni yetarli deb bilmagandi.

Italyan murabbiy ketishidan keyin uning o‘rnini Rafael Benites egalladi. «Real-Madrid Kastile»da ishlagan va asr boshida Visente Del Boskega yordamchilik qilgan bu qaysar murabbiy jamoada hech kim avtorit bo‘lmasligini birinchi kundanoq e'lon qildi. U bu gapi Krishtianu Ronalduga ham taalluqli ekanini aytdi va o‘ziga "dushman" orttirdi.