2017 yilda yevropaliklarning "tinchini buzuvchi" kishilar ro‘yxati taqdim etildi
2017 yilda Yevropa aholisining tinchini "buzishi" mumkin bo‘lgan shaxslar ro‘yxati taqdim etildi. Bu haqida Politico nashri ma'lum qildi.
Maqola muallifi Tunku Varadarayanning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ro‘yxat tufayli yevropaliklar "o‘z o‘rnidan qo‘zg‘algilari kelmay qoladi". Ro‘yxat asosan siyosatchilar, britaniyalik noshirlar, xitoylik futbol bosslari va rus xakerlaridan iborat.
Muallif Britaniyaning The Sun, Daily Mail, Daily Express kabi nashrlarini jamoatchilik fikriga ko‘rsatgan salbiy ta'sirida aybladi. Varadarayanning fikricha, ular tufayli Brexit hech bir tomonga foyda keltirmay, ancha og‘ir kechishi mumkin.
Xitoy futboli bosslari "ma'naviyatsiz Yevropa"da tashvish uyg‘otishi kerak. Gap shundaki, XXR yetakchi Yevropa klublari o‘yinchilarini o‘z ligasiga jalb qilishga "misli ko‘rilmagan pullar"ni sarflay boshlashdi.
Muallif rus xakerlarini xalqaro munosabatlarni "buzuvchi kuch", deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, rus xakerlari go‘yoki Amerikadagi saylovlar natijasiga ta'sir o‘tkazishga urinishgan. Endi esa yevropaliklar rus kiberhujumchilari o‘z diqqatini Yevropaga qaratishidan qo‘rqishmoqda.
Shuningdek ro‘yxatda AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp ma'muriyati vakili, Milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Maykl Flinn va yana bir savdo vazirligiga nomzod - ishbilarmon Uilbur Ross ham bor.
Muallif Filnni "shu qadar siyosiy qarashlari noto‘g‘ri insonki, u bilan qiyoslaganda hatto Tramp ham boyskautdir", dedi. Savdo vaziri lavozimini egallashi mumkin bo‘lgan Ross esa, Varadarayanning fikricha, Transatlantik savdo kelishuvini (TTIP) "butkul yo‘qqa chiqarishi" mumkin. Bu Brexit'ga doir muzokaralarda Yevropa foydasiga bo‘lmasligi aniq.
Ro‘yxatdan shuningdek Yevropaning ba'zi partiyalari yetakchilari ham o‘rin olgan. "Besh yulduz harakati" yetakchisi, italyan hajvchisi Beppe Grilloni muallif hukumatga mutlaq qarshi pozitsiyani egallagan va juda ko‘plab tarafdorlarga ega bo‘lgan "siyosiy novator", deb hisoblaydi.
Polshaning "Huquq va adolat" partiyasi yetakchisi Yaroslav Kachinskiyni muallif "xavfli va mas'uliyatsiz", deb atadi. Uning fikricha, aynan Kachinskiy tufayli Polsha yana ayanchli ahvolga tushgan.
Bulardan tashqari, Yevropaga xavf soluvchi shaxslar ro‘yxatida Kataloniya ma'muriyati yetakchisi Karlos Puchdemont, siyosiy mavqeini qayta tiklash ehtimoli bo‘lgan Nikolya Sarkozi, Yevrokomissiya rahbari Jan-Klod Yunkerning "o‘ng qo‘li" Martin Selmayr, shuningdek islomga qarshi chiquvchi "Ozodlik partiyasi" (Hollandiya) yetakchisi Gert Vilders hamda yirik kompaniyalarga qat'iy qarshi chiquvchi raqobat masalalari bo‘yicha yevrokomissar Margaret Vestagerlar nomi qayd etildi.
Mavzuga oid
15:13 / 07.11.2024
Fuqarolar saqlashi taqiqlangan yovvoyi hayvonlar ro‘yxati tasdiqlandi
10:10 / 04.11.2024
WP: Yevropa Tramp davrida AQSh bilan «munosabatlarni uzish»ga tayyorlanmoqda
15:24 / 03.11.2024
Gurjiston va Moldova saylovlari: Yevropa orzusi orzuligicha qoldimi?
12:30 / 01.11.2024