Jahon | 14:12 / 06.01.2017
5186
3 daqiqa o‘qiladi

Turkiya TIV rahbari Injirlik aviabazasining koalitsiya HHK uchun yopilish ehtimoli haqida gapirdi  

Foto: Anadolu

Turkiya tashqi ishlar vazirligi rahbari Mevlud Chavusho‘g‘li Injirlikdagi aviabazani AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya harbiy havo kuchlari uchun yopib qo‘yish kun tartibida emasligini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, Turkiyani IShID bilan kurashda koalitsiya tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi ham yetarli darajada emas. U bu haqda BMT bosh kotibi Antoniu Guterresh bilan Nyu-Yorkdagi uchrashuvi chog‘ida ma'lum qilgan, deb xabar beradi Anadolu agentligi.
 
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, ayni damda aviabazani yopish masalasi muhokama qilinmayapti, biroq undan IShID bilan kurash maqsadida foydalanayotgan, aslida esa hech narsa qilmayotgan davlatlarga “Injirlikda joy yo‘q”.

“So‘nggi paytlarda xalqaro koalitsiya Turkiyaning terrorchilar bilan kurashdagi xatti-harakatlarini qo‘llab-quvvatlamayapti. Agarda bu koalitsiya IShID bilan kurash maqsadida tuzilgan bo‘lsa, Turkiya esa o‘z tomonidan terrorchilarga faol tarzda qarshilik ko‘rsatish uchun barcha sharoitlarni yaratib bergan bo‘lsa, Anqara nima uchun kerakli ko‘makni olmayapti?”, deb ma'lum qildi Chavusho‘g‘li.

“Turkiya jamoatchiligi buning barchasini ko‘rib turib, tabiiy savol bilan murojaat qilmoqda: "Agarda Turkiyaga yordam berishmasa, Injirlikdagi aviabazadan nima uchun foydalanishmoqda?", deya xulosa qildi Turkiya TIV rahbari.

Avvalroq, Turkiya bosh vaziri o‘rinbosari Veysi Qaynoq Anqara AQSh boshchiligidagi koalitsiya kuchlarining Injirlik aviabazasida joylashishi masalasi qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligini ma'lum qilgandi. Uning ta'kidlashicha, harbiy bazaning koalitsiya va NATO kuchlari tomonidan ishlatilishi borasidagi masala Turkiya hukumatining kun tartibida bo‘lgan.

Oq uy rasmiy vakili Jon Ernest esa amerikalik harbiylarning Turkiyaga tegishli bo‘lgan Injirlik bazasidan foydalanishlarini cheklab qo‘yish Vashingtonning Anqaraga IShID bilan kurashda ko‘rsatayotgan ko‘magiga salbiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin, degan fikrni bildirgan. 
Ernestning so‘zlariga ko‘ra, "Turkiya NATOning juda muhim ittifoqdoshi hisoblanadi" va Vashington Anqaraga IShID bilan kurashda qo‘shimcha ko‘mak berishga tayyor.

Ma'lumot uchun, Injirlik aviabazasi AQSh va Turkiya harbiy havo kuchlari tomonidan ishlatiladi hamda uning faoliyati ikki mamlakat o‘rtasidagi harbiy va iqtisodiy hamkorlik to‘g‘risidagi bitim bilan tartibga solinadi. Bazada AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiyaga kiruvchi va IShID terrorchilik guruhiga qarshi havo orqali harbiy amaliyotda ishtirok etadigan mamlakatlar samolyotlari joylashtirilgan.

Mavzuga oid