Taniqli sport jurnalisti Qahramon Aslanov FIFAda kutilayotgan jiddiy o‘zgarish haqidagi xabar tarqalishi ortidan tezkorlik bilan bu yangilikka munosabat bildirib chiqdi. Uning "Sal qolishiga sal qoladi" nomli maqolasi JCh-2026 ishtirokchilari soni oshishi O‘zbekiston milliy terma jamoasining mundialga chiqish imkoniyatlariga qay darajada ta'sir ko‘rsatishi haqida.
2026 yildagi jahon chempionatida ishtirokchilar soni 48taga yetkazilib, Osiyoga 8.5 o‘rin berilar ekan. Bir qaraganda, yaxshi xabar. Bir paytlar hamkasblarim bilan shu mavzuda bahslashgandik. “Agar Osiyoga 5-6 o‘rin berilsa, aniq chiqamiz” degandi kimdir. Rostanam, mantiqanam, to‘g‘ridek. So‘nggi saralashda masalan kuchli 6 talikka kirdik, oxirgidan oldingi Osiyo chempionatida to‘rtlikda edik. Reytingda ham doim to‘rtinchi-beshinchi o‘rinlarda yuramiz.
Ammo, bilasizmi, men bunga ishonmayman. To‘rtinchi o‘rin uchun kurashib, beshinchi bo‘lish boshqa, oltinchi o‘rin uchun kurashib oltinchi bo‘lish boshqa.
Ikkinchisi qiyinroq. Ikkinchisi vazifa bajarilganligini anglatadi, vazifani bajarish esa doim maksimal mehnat talab qiladi. Hozirku, ba'zi Osiyo jamoalari uyquda, biz ko‘pincha, Xitoyni, Qatarni yengmoqdamiz. Lekin yo‘llanmalar soni oshsa, endi ular ham, JChga chiqish uchun Yaponiyani emas, O‘zbekistonni ortda qoldirish kifoya ekanini bilib qolishsa, kurash boshqacha bo‘ladi, ishonavering.
Oddiy misol, oxirgi saralash o‘yinlari. Ha, biz 14 ochko to‘pladik, ha biz so‘nggi turning so‘nggi daqiqalarigacha imkoniyatni saqlab turdik, pley-offda o‘ynadik. Ha. Ammo kurashdikmi? Yo‘q. Biz o‘ynadik xolos. Yutganimizda chiqardik, yutolmadik, chiqolmadik.
Esingizda bo‘lsa, taqvim bo‘yicha oxirgi turdagi Koreya – Eron uchrashuvi soat 17.00da, bizning Qatarga qarshi o‘yinimiz esa, soat 18.00da boshlanishi ko‘zda tutilgandi. Ikki o‘yin bir biriga chambarchas bog‘liq, agar narigi o‘yinda Eron yutqazsa, biz Qatarni yutishimiz kerak. Uyoqda durang bo‘lsa, Qatarni 4 to‘p farqi bilan yutishimiz kerak. Agar Eron yutadigan bo‘lsa, Qatarga javobsiz 6 gol urishimiz shart. Ya'ni, har qanday holatda ham, narigi o‘yin natijasi bizga imkoniyat qoldirardi, hammasi o‘z qo‘limizda edi.
Eron kurashdi. FIFA ga xat yozib, har ikki uchrashuvning bir vaqtda o‘tkazishni so‘radi. Talab qilmadi, reglamentda yo‘q bunaqa narsa, talab qilolmasdi, so‘radi xolos. FIFA ham javoban bizga tavsiya qildi, so‘radi. Talab qilmadi, reglamentda yo‘q, majbur qilolmasdi, so‘radi xolos.














