Olamlarni yo‘qdan bor etgan, bandalariga O‘zini tanitish uchun payg‘ambarlar yuborgan Alloh subhanahu va taologa hamdu sanolar bo‘lsin!

Bashariyatga Robbini tanitib, ummatlarini ikki dunyo saodati yo‘liga yo‘llagan hidoyatchimiz, shafoatchimiz, hazrati Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga durudu salavotlar bo‘lsin!

Alloh azza va jalla O‘zining muborak kalomi Qur'oni Karimni habibi Muhammad sollallohu alayhi vasallamga nozil qilgach, ushbu muqaddas ne'matni hech qanday o‘zgarishsiz saqlashni va'da qilib, shunday marhamat qildi:

«Albatta, Zikrni Biz nozil qildik va albatta, uni Biz muhofaza qilurmiz» (Hijr surasi, 9-oyat).

Robbimizning va'dasi haqdir. Qur'oni Karim o‘n to‘rt asrdan buyon biror harfi o‘zgarmay saqlanib kelayotgan bo‘lsa, qiyomatga qadar ham ana shunday mahfuzdir, chunki u Boqiy Zotning – Parvardigorimizning kalomidir. Ammo ulamolarimiz ushbu oyatda «zikr» deganda nafaqat Qur'oni Karim, balki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning hadisi shariflari ham nazarda tutilganini aytganlar. Zero, hadislar – ma'nosi Allohdan, iborasi Muhammad alayhissalomdan bo‘lgan hikmatlar, ko‘rsatmalardir.

Ushbu fikrning naqadar haqligini hayotning o‘zi namoyon qildi, shonli tariximizning o‘zi tasdiqladi. Qur'oni Karim dastlab Nabiy alayhissalomning qalblariga naqshlanib, so‘ng u zotdan bevosita yod olgan ming-minglab sahobalarning diliga jo bo‘lgani, avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz o‘tib, saqlanib kelayotganidek, Payg‘ambarimizning hadisi shariflari ham dastlab ashobi kirom, so‘ng tobe'in va taba'a tobe'inlar orqali avloddan-avlodga og‘izma-og‘iz saqlanib kelmoqda. Bu qadar aql bovar qilmas katta miqdordagi ma'lumotlarning asrlar davomida biror harfi o‘zgarmay, biror so‘z qo‘shilmay yoki tushib qolmay saqlanib kelishi yuqoridagi oyati karimaning mo‘'jizasidir.

Har bir ishi benihoyat hikmat bo‘lgan Robbimiz bu muborak va'daning ro‘yobi uchun barcha kerakli shart-sharoitni, muhitni muhayyo qilib, bandalari orasidan bu ulkan mas'uliyatni sharaf bilan ado eta oladigan zotlarni ham dunyoga keltirib qo‘ydi. Darhaqiqat, Qur'oni Karimni yod olib, qalbiga jo qilib, uni kechayu kunduz o‘qiydigan, uni o‘rganadigan va o‘rgatadigan qorilar silsilasi dunyoga kelib turganidek, bir necha yuz minglab hadisi shariflarni to‘plab, ularning matnini so‘zma-so‘z, harfma-harf, roviylarini nomma-nom yod olgan muhaddislar silsilasi ham yetishib chiqdi. 

Ne baxtkim, Islom olamida eng mashhur bo‘lgan, eng sahih hadislarni to‘plagan, hadis ilmiga eng katta hissa qo‘shgan muhaddislarning ko‘pchiligi aynan bizning buyuk ajdodlarimizdir, diyorimizda tug‘ilib-o‘sgan ulug‘ zotlardir. 

Yurtimiz Islom nuri ila munavvar bo‘lgan asr insoniyat tarixida Sharq uyg‘onishi davri deb ataladi. O‘sha asrdan boshlab diyorimizda butun dunyoga mudarris bo‘lgan, butun Islom olamida e'tirof qilingan buyuk allomalar yetishib chiqa boshlagan. Xususan, Islom ummatiga Qur'oni Karimni tafsir qilish hamda sahih hadisi shariflarni yetkazish va sharhlash borasida buyuk vatandoshlarimizning xizmati beqiyos bo‘lgan.