FIFAning jahon chempionati ishtirokchilari sonini 32tadan 48taga oshirganiga tanqidiy yondashgan «Tribuna» sayti bu safar masalaga boshqa bir rakursdan qaradi.
Yangi yilni FIFAning yangi prezidenti Janni Infantino o‘zi reja qilgan inqilob bilan boshladi. Keyingi o‘n yillikning ikkinchi mundialidan boshlab jahon chempionati ishtirokchilari soni 48tani tashkil qiladi. Bu qaror yuzasidan turlicha fikrlar yangramoqda. Kecha e'lon qilingan maqolamda, bu qarorning salbiy tomonlari haqida to‘xtalib o‘tgandim. Maqolani yozish davomida fikrlarimga teskari fikrlar paydo bo‘lib qoldi. Boshida jamoalarning soni 48taga oshirilishining salbiy tomonlari ko‘pdek tuyulgandi. Endi ijobiylari ham yetarlichadek ko‘rinmoqda. Bugun shu haqda gaplashamiz.
«Infantino karamsho‘rvasi». JCh ishtirokchilari soni oshirilishi qanchalik to‘g‘ri?
Endi bizda ham umid bor!
Eng asosiysi, bu O‘zbekiston terma jamoasining ham imkoniyatlari oshishi. Istaysizmi, yo‘qmi, bugungi kundagi futboldan kelib chiqib, muxlis-u mutaxassislarning aksar qismi O‘zbekiston terma jamoasi hozirgi formatdagi JChga chiqishiga ishonmay qo‘ygan. Osiyo uchun beriladigan 4,5ta o‘rinning, kuchimizga real baho beradigan bo‘lsak, oshib borsa 0,5taga da'vogarlik qilishimiz mumkindek ko‘rinmoqda. Infantinoning yangi taklifida eng ko‘p yo‘llanmalar taqdim etiladigan mintaqalardan biri Osiyo bo‘lib turibdi. Aytishlaricha, OFK uchun 8,5ta yo‘llanma beriladi. 9 yilda Osiyodagi 9ta kuchli jamoadan biri statusini ham yo‘qotib qo‘ymasak, hech bo‘lmasa «bitta-bitta morojniy yeb qaytish» imkoniyatimiz endi ko‘proq bo‘ladi.
Turnir geografiyasi
48 jamoa bu birinchi navbatda turnir geografiyasini kengaytiradi. Jahon chempionatiga juda yaqin kelib, oxir-oqibat yo‘llanmadan quruq qolib ketayotgan terma jamoalar uchun bu juda yaxshi imkoniyat bo‘ladi. Jahon chempionatida ishtirok etish futbol rivoji uchun yangi bosqich bo‘lishini O‘zbekiston futboli misolida ham ko‘p gapirganmiz. Jahon chempionatiga chiqsak, futbolchilarimizning reklamasi oshadi, kuchli beshlikda paydo bo‘lamiz va hokazo gaplarga ko‘p duch kelamiz. Bu O‘zbekistonga o‘xshash istalgan terma jamoa uchun ham mos keladi. 48ta terma jamoa chempionatga bo‘lgan qiziqishning (mamlakatlar hisobga olinsa), kengayishiga sabab bo‘ladi. Ishtirok etadigan futbolchilar soni oshadi, klublar transferi uchun ko‘proq futbolchi reklama qilinadi. Teleauditoriya oshishiga va albatta FIFA va musobaqa mezbon mamlakatining ko‘radigan foydasi keskin oshishiga zamin yaratadi.















