15:24 / 06.06.2018
7388

MDH ijroiya qo‘mitasi rahbari «rangli inqiloblar»ga urinishlar haqida gapirdi

Foto: Gleb SHCHelkunov / Kommersant'

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi «rangli inqiloblar» eksporti urinishlari va boshqa beqarorlashtiruvchi omillarga reaksiya bildirishning yangi qo‘shma mexanizmlarni yaratishi kerak. Bu haqda MDH ijroiya qo‘mitasi raisi Sergey Lebedev ma'lum qildi.
 
«Hech kim bizga mamlakatlarimiz xavfsizligini ta'minlashning samarali yo‘llarini aytmaydi. Biz o‘z yerimizdagi barqarorlik uchun mas'ulmiz va barqarorlikka olib keladigan omillarga javob berish uchun birgalikdagi mexanizmlarni yaratishimiz kerak. Va, shubhasiz, eng muhim vazifa - uzoq muddatli aloqalarni yo‘q qilishga qaratilgan urinishlarga qaramay, har bir davlatning umumiy manfaatlari va milliy manfaatlarini maqbul birlashtirilishini ta'minlash», - dedi Lebedev MDH mamlakatlari mudofaa vazirlari kengashi majlisida. 

U xalqaro munosabatlarning asosiy prinsiplaridan biri - suveren davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsipi yemirilishiga misollar keltirdi.

«Ko‘p hollarda ish qurolli aralashuvgacha borib yetmoqda. Xususan, Suriyada BMT Nizomiga zid ravishda, bu mamlakatning qonuniy hukumati roziligisiz qator xorijiy davlatlar qurolli kuchlari hozirda janglarda ishtirok etmoqda. Tabiiyki, bu butun xalqaro munosabatlar tizimiga putur yetkazadi. Ushbu xatti-harakatlar «rangli inqiloblar» eksportining davomidir. Va, afsuski, bizning raqiblar bu strategiyani Hamdo‘stlik mamlakatlariga qarab kengaytirishga ham harakat qilmoqdalar», - deya ma'lum qildi Lebedev. 

Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, BMT va YeXHT kabi xavfsizlik ta'minlash bo‘yicha an'anaviy xalqaro tashkilotlar bunday tahdidlarni samarali ravishda bartaraf eta olmaydilar. «Zamonaviy chaqiriqlar va tahdidlar alohida davlatlar darajasida neytrallashtirilishi mumkin emas. MDH mamlakatlarining tinchligi va xavfsizligini ta'minlash uchun integratsiya imkoniyatlaridan maksimal darajada foydalanish, birgalikdagi sa'y-harakatlarni muvofiqlashtirish zarurati bor», - deya qayd etib o‘tdi Lebedev.

Mavzuga oid
Top