11:32 / 13.01.2017
17334

Donald Trampni qo‘riqlash Nyu-York byudjyetiga qancha tushayotgani ma'lum qilindi

foto : EPA

Amerikaning Bloomberg axborot agentligi 12 yanvardan boshlab saylangan prezident Donald Trampni qo‘riqlash Nyu York shahar byudjyetiga qancha tushayotganini real vaqtda hisoblab boradigan hisoblagichni ishga tushirdi. Milliarder prezident hozircha, mamlakatning eng yirik megapolisida istiqomat qilib kelmoqda. 

Ushbu maqola yozilayotgan vaqtda hisoblagichdagi summa 32 mln dollardan ortiqroqni ko‘rsatgan. Agentlikka ko‘ra, dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, 20 yanvar kuni Trampning Vashingtondagi inauguratsiyasiga qadar, Nyu-York hukumatining saylangan prezidentni qo‘riqlash uchun sarflagan mablag‘i 35 mln dollardan oshadi. 

Ushbu mablag‘larning aksariyati shahar politsiyasining Manxettendagi Trump Tower binosi atrofini qo‘riqlashiga yo‘naltiriladi. Bu yerda, bo‘lg‘usi davlat rahbarining qarorgohi joylashgan. Agentlikka ko‘ra, shahar hokimligining hisoblashicha, respublikachini qo‘riqlash Nyu York byudjyetiga kuniga 500 ming dollarga tushmoqda. 

O‘tgan yilning noyabr oyida Nyu-York shahri hokimi Bill de Blazio, Trump Tower xavfsizligini ta'minlash bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun federal hukumatga murojaat qilmoqchi ekanini aytgan edi. U o‘shanda bino yaqinidagi avtomobillar harakatini tartibga solish va osmono‘par binoni qo‘riqlash uchun 50 dan ortiq politsiyachini safarbar etayotganini ma'lum qilgandi. 

Bundan tashqari, Blazioning so‘zlariga ko‘ra, Tramp qarorgohi atrofida xavfsizlik choralarining kuchaytirilgani megapolis aholisi uchun ham birmuncha noqulayliklarni keltirib chiqargan. 

Avvalroq, CNN telekanali xabar qilganidek, Tramp va uning oila a'zolarini ham qo‘riqlash bilan shug‘ullanuvchi AQSh federal Maxfiy xizmati respublikachiga tegishli Trump Tower binosining bir qavatini to‘lig‘icha ijaraga olgan.

Mavzuga oid
Top