17:55 / 13.01.2017
14838

Ukraina prezidenti Poroshenko davlatga xiyonatda ayblanishi mumkin

Ukraina bosh prokurorining sobiq o‘rinbosari Renat Kuzmin Ukraina Xavfsizlik xizmati raisi Vasiliy Gritsakka murojaat qilib, mamlakat prezidenti Pyotr Poroshenkoga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘ashni so‘ragan. U o‘z murojaatini Facebook  sahifasida e'lon qilgan. 

Kuzminning yozishicha, Ukraina hukumati «Rossiya bilan urush haqida» so‘z yuritgan, YeI, AQSh va boshqa mamlakatlar Rossiyaga qarshi jazo choralari qo‘llagan bir vaqtda, Poroshenko «o‘zining atrofidagilar» va Ukrainaning Roshen korporatsiyasi top menejyerlari bilan til biriktirgan holda «Ukrainaga ziyon keltiruvchi harakatlarni qasddan tizimli ravishda amalga oshirib kelmoqda».

Kuzminning so‘zlariga ko‘ra, «aynan ular» Poroshenkoga tegishli Roshen fabrikasining Lipetskda sho‘'basini ochgan va shu bilan Rossiya byudjyetiga 600 mln rubl mablag‘ o‘tkazgan. Uning aytishicha, Roshen mahsulotlari Donbass va Qrimda erkin sotilmoqda va mahalliy byudjyetlarni to‘ldirmoqda. 

«Yuqoridagilarni e'tiborga olgan holda, Ukraina xalqining manfaatlarini himoya qilish maqsadida, Vasiliy Sergeyevich, Sizdan: 1. Pyotr Poroshenko, uning yaqin atrofi va Roshen top menejyerlariga nisbatan «davlatga xoinlik» bo‘yicha jinoiy ishni ro‘yxatga olishingizni so‘rayman», — deb yozgan Kuzmin.

U, shuningdek, Rossiya «federal byudjyeti va armiyasi»ni noqonuniy moliyalashtirish amaliyotlarga chek qo‘yishga  hamda «Ukrainaga qarshi jinoyatlar bo‘yicha barcha aybdorlar, sotqinlar»ni jazoga tortishga chaqirgan.

«Ushbu talablarni ro‘yxatga olmaslik yo‘li bilan bajarishdan bosh tortish og‘ir jinoyatni qasddan bekitish deb baholanadi, buning uchun aynan Siz, general Gritsak, jinoiy javobgarlikka tortilasiz», — deb qayd etgan Kuzmin.

Top