O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 7 fevraldagi «O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi to‘g‘risida»gi farmoni bilan mamlakat taraqqiyotining kelgusi 5 yilga mo‘ljallangan ustuvor yo‘nalishlari aniq belgilab berildi. 

Harakatlar strategiyasida mamlakatimizni rivojlantirishning besh ustuvor yo‘nalishi – davlat va jamiyat qurilishini takomillashtirish, qonun ustuvorligini ta'minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, iqtisodiyotni yanada rivojlantirish va liberallashtirish, ijtimoiy sohani taraqqiy ettirish, xavfsizlik, millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta'minlash, chuqur o‘ylangan, o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish bo‘yicha aniq, hayotiy islohotlar, ularni amalga oshirish mexanizmlari belgilab berilgan. Bu mamlakatda islohotlar samaradorligini keskin oshirish, davlat va jamiyatni har tomonlama uyg‘un va jadal rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, barcha sohani modernizatsiya qilish va erkinlashtirishdek buyuk maqsadlarga xizmat qiladi. 

O‘zA muxbiri ushbu farmon va Harakatlar strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyati haqida turli soha vakillari bilan suhbatlashdi. 

Dilorom Fayziyeva, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati:

– O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasini ishlab chiqishda aholining keng qatlami, jamoatchilik va ishbilarmon doiralar vakillari, davlat organlari rahbarlari va mutaxassislari faol ishtirok etdi. Jonli muloqot, suhbat va muhokamalarda amaldagi qonun hujjatlari, milliy va xalqaro tashkilotlarning axborot-tahliliy materiallari, ma'ruzalari, tavsiyalari va sharhlari o‘rganildi, rivojlangan xorijiy mamlakatlar tajribasi tahlil qilindi. Bularning bari mazkur Harakatlar strategiyasi – xalqimizning ezgu orzu-maqsadlarini o‘zida mujassam etgan qomusiy hujjat, deyish uchun asos bo‘ladi. 

Harakatlar strategiyasining birinchi yo‘nalishi davlat va jamiyat qurilishi tizimini takomillashtirishni nazarda tutadi. Shu maqsadda davlat hokimiyati tizimida Oliy Majlisning rolini oshirish, uning mamlakat ichki va tashqi siyosatiga oid muhim vazifalarni hal etish hamda ijro hokimiyati faoliyati ustidan parlament nazoratini amalga oshirish bo‘yicha vakolatlarini yanada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Bu qonun ijodkorligi faoliyati sifatini tubdan oshirish, davlat va jamiyat hayotida siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish bilan chambarchas bog‘liq. 

Joriy yilda “Parlament nazorati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan. Bu bilan mamlakatimizda parlament nazoratining yangi shakli joriy etiladi. Endi parlament a'zolariga mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini o‘rganib, tahlil qilish, uning natijalari bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish vakolatini berish nazarda tutilmoqda. Yoki joriy yilda “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining mahalliy ijro hokimiyati organlari faoliyati ustidan nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi. Bu bilan partiya guruhlari mahalliy Kengash sessiyalarida ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish masalalarini ko‘rib chiqish, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari mansabdor shaxslarining hisobotlarini eshitish haqidagi takliflarni kiritish huquqiga ega bo‘ladi. Tuman (shahar) hokimi nomzodini viloyat hokimi tegishli xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilgandan so‘ng xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashiga tasdiqlash uchun taqdim etish mexanizmi yo‘lga qo‘yiladi. Mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlariga viloyatlar va Toshkent shahar hokimlariga tegishli tuman (shahar) hokimlarining, mahalliy ijroiya hokimiyati organlari rahbarlarining qoniqarsiz faoliyati haqida xulosalar taqdim etish huquqi beriladi.