AQSh prezidenti Donald Trampning milliy xavfsizlik bo‘yicha yordamchisi Maykl Flinn iste'foga chiqdi. U iste'fo to‘g‘risidagi maktubida vitse-prezident Maykl Pens va Oq uyning boshqa vakillariga Rossiyaning AQShdagi elchisi Sergey Kislyak bilan suhbati haqida to‘liq ma'lumot bermaganini tan oldi. U Donald Tramp va Maykl Pensdan uzr so‘ragan.

O‘tgan oyda OAV uni Rossiyaning Vashingtondagi elchisi Sergey Kislyak bilan o‘tgan yilning dekabrida o‘tkazgan uchrashuvida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni muhokama qilganlikda aybladi.

«Afsuski, voqealarning tez rivojlanishi sababli AQShning saylangan vitse-prezidenti va boshqalarga Rossiya elchisi bilan telefon orqali suhbatim haqida qasddan bo‘lmagan holatda yetarlicha ma'lumot taqdim etmadim. Prezident va vitse-prezidentdan buning uchun uzr so‘radim, ular buni qabul qildi», degan Flinning bugungi bayonotida.

Endilikda uning o‘rnini iste'fodagi general-leytenant Kit Kellog egalladi.

Telefon muloqoti
The Washington Post Flinn Trampning inaugratsiya marosimiga 1 oy vaqt borligida Rossiya elchisi Kislyak bilan telefon orqali suhbatida Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilish masalasida gaplashgani ehtimoli haqida yozdi.

Nashrdagilar uning bunday muloqotga kirishishi Moskva uchun sanksiyalar kelgusida yumshatilishi yoki butunlay bekor qilinishi mumkinligi haqida yolg‘on tasavvur uyg‘otishini taxmin qilishdi.

Shuningdek, Flinn avvaliga bunday suhbat bo‘lib o‘tganini tan olmagani, keyinroq uning rasmiy vakili orqali «suhbatda bu mavzu ham muhokama qilingan bo‘lishi mumkinligi»ni bildirganiga urg‘u qaratildi.

Kremldagilar ham o‘z o‘rnida «bu muloqot bo‘lib o‘tgani», lekin «boshqa xabarlar rost emasligi»ni bildirdi.

The Washington Post nashri Adliya vazirligini sobiq rahbari Salli Yyeytsning Oq uyni ogohlantirgani haqida yozdi. U prezidentning xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi Maykl Flinn «Rossiya tomonidan shantajga uchrashi mumkinligi», Moskva bu amaldorni boshqara olishini aytgandi. Lekin Rossiya Trampning maslahatchisiga qay vosita bilan ta'sir o‘tkazishi aniq aytilmadi.