Muammoni bartaraf etish uchun uning asl mohiyati tushunilib, tub ildiziga yetib borilmasa, barcha urinishlar befoyda ketadi. O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” jamiyati Farg‘ona viloyat bo‘limining ish faoliyatida so‘nggi yillarda yuzaga kelayotgan moliyaviy muammolar ham befoyda urinishlar sabab hamon hal etilmasdan qolmoqda. Tahririyatimizga kelib tushgan murojaatda bu haqda so‘z boradi. 

O‘zbekiston “Ko‘zi ojizlar” jamiyati qariyb 85 yildan buyon mamlakatda istiqomat qiluvchi barcha ko‘zi ojiz nogironlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelayotgan nodavlat notijorat tashkiloti shaklida tuzilgan yagona jamoat birlashmasi hisoblanadi. Xususan, jamiyatning Farg‘ona viloyat bo‘limi ham shu kunga qadar samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Ammo so‘nggi yillarda bir qator moliyaviy muammolar yuzaga kelgan. Ma'lumotlarga ko‘ra, jamiyat tashkil etilganidan buyon hech vaqt viloyat hokimligining e'tiboridan chetda qolib ketmagan. Jumladan, O‘zbekiston mustaqilligining dastlabki yilidan boshlab chorak asr mobaynida O‘z KOJ Farg‘ona viloyat bo‘limining 9 ta shtat birligini saqlash maqsadida ish haqi va boshqa xarajatlar uchun viloyat hokimlarining farmoyishlari bilan viloyat byudjyetining zaxira jamg‘armasidan tegishli pul mablag‘lari ajratilgan. 

2016 yil yanvar oyidan boshlab esa bunday moliyaviy yordam viloyat Moliya boshqarmasi boshlig‘ining e'tiroziga ko‘ra to‘xtab qolgan. Respublikaning ayrim viloyatlarida hozirgi kunda ham davom etmoqda. Bu masalada viloyat hokimiga bir necha bor yozma ravishda murojaat qilib ijobiy natijaga erisha olmagan jamiyat rahbari yuridik shaxs sifatida hokimning qabuliga kirish va vaziyatni tushuntirish uchun 2016 yil mobaynida 5-6 marta Yagona davlat interaktiv xizmatlari portali orqali qabuliga yoziladi. Bu ham natija bermagach, viloyat hokimligining qabulxonasiga borib u yerdagi xodimlarga ham hokim bilan uchrashishi zarurligini tushuntiradi. Lekin u yerdagi xodimlar viloyat hokimining shaxsiy qabuli yo‘qligi, faqat joylardagi sayyor qabullar e'lon qilinganida uchrashish mumkinligini aytishadi. So‘nggi oylarda viloyat hokimi joylarda sayyor qabullarni tashkil etib, fuqarolar bilan uchrashmoqda. Biroq 7000 dan ziyod ko‘zi ojiz nogironning huquq va manfaatlarini ko‘zlab harakat qilayotgan Jamiyat raisi viloyat hokimining shaxsiy qabuliga kira olmasligi achinarli holat emasmi?