Joriy yilning 7 fevral kuni Andijon viloyatining Bo‘z tumanida faoliyat yuritayotgan tadbirkor Ibrohimjon Saidoxunov haqida “Dastgoh deb hali ham Xitoyga chopayapsizmi? To‘xtang! Andijonga keling” sarlavhali maqola e'lon qilingan edi. Unda tadbirkor tomonidan asos solingan mini-zavodlar ishlab chiqaradigan UZMOLREKI ikkinchi nomi “BO‘ZFARM” korxonasi faoliyati yoritilgandi.
Kun.uz tahririyati Andijon viloyatiga qilgan tashrifi davomida Bo‘z tumanida ham bo‘ldi va mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Avval xabar qilinganidek, korxona kimyo, oziq-ovqat, meva-sabzavot, farmatsevtik va kosmetik dastgohlar ishlab chiqaradi. Safar davomida korxona rahbari Ibrohimjon Saidoxunov bilan suhbatlashdik.


- Ushbu loyihani amalga oshirish juda qiziq bo‘lgan. Biz Shahrixon tumanidagi mahallalardan birida tadbirkorlik bilan shug‘ullanar edik. Bizning bu ishlarimizdan Bo‘z tumanining sobiq hokimi Doniyorbek Odilboyev xabardor bo‘lib, ko‘rgani keldilar. Boshida u kishini tanimadik. Ishlarimiz bilan tanishib ketdilar, - dedi I.Saidoxunov. - Oradan bir oz vaqt o‘tib, yana keldilar. Uchinchi marta tashrif buyurganlarida bizni Bo‘z tumaniga taklif qildilar. U yerga borgachgina, u kishining hokim ekanliklarini bildik. D.Odilboyev bizga tumanda tadbirkorlikni rivojlantirish masalasida yordam berishimizni so‘radilar. Bu g‘oya bizga yoqdi va ishga kirishdik.


Ibrohimjon Saidoxunovning aytishicha, korxona joylashgan yer avvaliga juda xaroba bo‘lgan, keyinchalik obodonlashtirilib, biznes poydevori tashlangan. Barcha ishlar bitgach, Andijon viloyati hokimi Shuhrat Abdurahmonov boshchiligida viloyat va tuman mutasaddilari tashrif buyurib, korxonani ochib berishgan.
UZMOLREKI korxonasida bo‘lganimizda Samarqand, Xorazm va Farg‘ona viloyatlaridan universal va turli mini-zavodlarga buyurtma berish uchun kelayotgan ko‘plab tadbirkorlarni uchratdik. Samarqand va farg‘onalik ishbilarmonlar mevani qayta ishlash texnologiyalari bilan qiziqishayotgan bo‘lsa, Xorazmdan kelgan tadbirkorlar baliq yetishtirishda foydalaniladigan ozuqani granula shaklida ishlab chiqaruvchi uskunalar uchun tashrif buyurishibdi.
















