Butunjahon musulmon ulamolar kengashi bosh kotibi Ali Muhyiddin Qoradog‘iyning O‘zbekiston rahbariyati hamda uning xalqiga Surxondaryo viloyatida barpo qilinadigan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi munosabati bilan yo‘llagan samimiy tabrigi ijtimoiy tarmoqlar orqali keng tarqaldi. Ushbu tabrik video ko‘rinishida bo‘lib, mazmuni quyidagichadir:
“Alloh taologa hamdlar, Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam), U zotning oila a'zolari, sahobalari hamda hidoyatga ergashganlarga Allohning salot va salomlari bo‘lsin! Barakotli, aziz, go‘zal, biz uchun sevikli bo‘lgan O‘zbekiston hukumatidagi hurmatli aka-ukalar, opa-singillar! Sizlarni barchangizni Alloh huzuridan bo‘lgan muborak, pokiza tabrik ila muborakbod etaman!
O‘zbekiston hukumatining ushbu rejalashtirgan muborak ishi – buyuk imomlardan bo‘lmish Imom Termiziy nomidagi ilmiy-tadqiqot markazi tashkil qilinishi meni juda ham xursand qildi. O‘zbekiston yurti juda ham ko‘plab muhaddislar, faqihlar va boshqa qator sohalarda yetuk olimlarni yetishtirib chiqargan. Ular sababli islom madaniyati, balki butun insoniyat madaniyati boyidi. Mana shunday yurt uchun bunday markazlarni ochilishi ajablanarli ish emas. Shuning uchun men O‘zbekiston hukumatini, shuningdek, u yerdagi musulmon xalqni ushbu qilinayotgan muborak ish munosabati bilan tabriklayman. Alloh taoloning izni ila ushbu maskan nafaqat O‘zbekiston hamda uning qo‘shni davlatlari, balki butun dunyo miqyosida o‘zining ijobiy samarasini beradi, insha Alloh.
Biz Islom dinining o‘zligi, tarixi bilan shon-sharafga sazovor bo‘ldik. Shuningdek, g‘arb dunyosi ham ushbu tarix ila zafarlarga erishdi. Shuning uchun biz o‘z tariximizni o‘rganishimiz, avvalgi ulamolarimiz singari unga ergashishimiz lozim.
Islom dini mo‘'tadil din bo‘lib, u faqat bunyodkorlikni xohlaydi, vayron qilishni emas, jamiyatni birlashtiradi, firqalarga bo‘lmaydi, insonlarni sevadi, ularni yomon ko‘rmaydi. Bu din o‘zbek xalqi va boshqa xalqlar uchun Allohning rahmatidir. Bu Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam)ning siyratlari va U zotning risolatlaridir. Alloh taolo Qur'oni karimda “(Ey, Muhammad!) Biz Sizni (butun) olamlarga ayni rahmat qilib yuborganmiz” (Anbiyo, 107), degan.
Alloh taolo O‘zbekiston diyori – uning Prezidenti, hukumati, xalqi, olimlari, tolibi ilmlari barchasiga barakalar yog‘dirsin, ularni bundanda ko‘proq muvaffaqiyatlarga erishtirsin! Assalomu alaykum varohmatullohi va barokatuh!”
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston musulmonlari idorasi muassisligida Surxondaryo viloyatida Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi. Bu O‘zbekiston Prezidentining joriy yilning 14 fevraldagi qarorida o‘z aksini topgan.














