Jamiyat | 18:31 / 07.03.2017
10253
3 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatga jo‘nataman deb fuqarolarni chuv tushirgan firibgarlar qo‘lga olindi

Foto: Getty Images

Asror Ibodullayev (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) muqaddam harbiy qismda hamda Zafarobod va Paxtakor tuman Mudofaa ishlari bo‘limlarida turli lavozimlarda ishlab, nafaqaga chiqqan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

Unga nisbatan 2016 yilning 26 aprelida jinoyat ishlari bo‘yicha Jizzax shahar sudi tomonidan axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. U jazoni o‘tab ulgurmay, yana jinoyat ko‘chasini makon tutdi.

Asror Ibodullayev O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi markaziy arxivining mas'ul xodimlaridan biri Rashid Qambarov bilan til biriktirdi. 2013 yilning sentabr oyi o‘rtalarida tanishi Bahora Azimovani “Toshkent shahridagi harbiy qismlardan biriga ishga joylashtiraman, xarajati 2 ming AQSh dollari bo‘ladi”, deb aldaydi. Undan 1000 AQSh dollari olib, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Keyinroq, ya'ni 2015 yilda undan yana 500 AQSh dollari oladi.

2015 yilning iyun oyida Xushnud Malikovga “O‘zim harbiy sohada ishlaganman. Toshkentda kattalar bilan gaplashib, o‘g‘lingni shartnoma asosida harbiy xizmatga jo‘nataman. Xarajati 2 ming 500 AQSh dollari bo‘ladi”, deb uni ham to‘riga ilintiradi va bu fuqarodan talab qilingan pullarni olishga erishadi.

U jinoiy faoliyatini davom ettirib, bu safar fuqaro Zamira Tolipovaning ishonchiga kiradi. “Muqaddam Paxtakor tuman mudofaa bo‘limida ishlaganman. Tanishlarim bor. Armiyaga jo‘natish xarajatlari 4 million so‘m bo‘ladi”, deya uning 4 million so‘m pulini qo‘lga kiritadi. 

Davring keldi, surib qol, qabilida ish ko‘rayotgan A.Ibodullayevning nafsi shu qadar hakalak otib ketadiki, u 2016 yil may oyi o‘rtalariga qadar harbiy xizmatni o‘tamoqchi bo‘lgan yana o‘nlab fuqarolarga xuddi shu tarzda “yordam” qo‘lini cho‘zaveradi. Harbiy xizmatga ishga joylash masalalarida esa hamtovog‘i Rashid Qambarov “ko‘magi”dan foydalanadi.

Har bir ishning ibtidosi bo‘lgani kabi intihosi ham borligini unutgan bu ikki “shovvoz”ning qilmishlariga xotima yasaldi.

Jizzax shahar sudi tomonidan firibgarlarga tegishli jazo tayinlandi. 

Mavzuga oid