Fan-texnika | 00:04 / 07.03.2017
7573
4 daqiqa o‘qiladi

Tsukerberg usuli: Facebook asoschisi sergap top-menejyerlardan nimasi bilan ustun?

Yaqinda Mark Tsukerberg Facebook globalizatsiyasi va biznes-modeli himoyasiga ochiq maktub bitdi. Olti ming so‘zdan iborat ushbu maktubida u Facebook'ning global ijtimoiy-iqtisodiy tizim sharoitlarida muvaffaqiyatli faoliyat yuritayotgani foydasiga ishonchli faktlar keltirgan. Unda axborot, ishchi kuchi, kapital va mahsulotlar o‘z yo‘lida minimal to‘siqlarga duch kelishi ta'kidlangan. Harvard Business Review Harvard biznes-maktabida faoliyat yurituvchi biznes boshqaruvi dotsenti Jorj Serafeymning shu mavzudagi maqolasi bilan bo‘lishdi.

Mening tadqiqotlarim hamda hamkasblarimning izlanishlari o‘z oldiga qandaydir maxsus (daromad olishdan boshqa) maqsadlarni qo‘yayotgan tashkilotlar raqiblaridan muvaffaqiyatliroq ishlayotganini ko‘rsatmoqda. Tsukerberg o‘z maktubida kompaniyasining maqsadlarini aynan shunday belgiladi. 

Tsukerbergning maktubi tashkilotning maqsadlari haqidagi ma'lumotni to‘g‘ri yetkaza bilishga yaqqol dalil bo‘lib xizmat qiladi. Uning murojaatida to‘g‘ri ifodalangan fikrlar juda ko‘p. Ularning orasida tashkilot maqsadini shakllantirish, unga erishish yo‘lini belgilash, bozordagi bo‘shliqlarni aniqlash, raqobatdagi ustunlikni anglab yetish, asosiy ko‘rsatkichlarni o‘lchash, rivojlanishga intilish va ishdagi mukammallik, salohiyatli qiyinchiliklarni anglashni qayd etish mumkin. 

"Bizning Facebook'da bajarayotgan eng muhim vazifamiz - kishilarga global jamiyat qurish imkonini beruvchi ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish", - deb yozadi Tsukerberg. Bunday maqsadga hamma tashkilotlar ham da'vogarlik qila olmaydi.

Mark Tsukerberg boshqa rahbarlardan farqli o‘laroq, o‘z faoliyatini besh ustunga quradi: hayotiy tajriba va taassurotlar bilan almashish maqsadida jamiyatlarni shakllantirish, ishtirokchilar xavfsizligini ta'minlash, axborot soni va sifatini oshirish, fuqarolar faolligini kuchaytirish va ochiq jamiyatlar tuzish.

Bugungi kunda bozordagi bo‘shliqlarni aniqlash muhim ahamiyatga ega. Hozirda insonlar nimalarga muhtoj va kompaniya ularning ehtiyojlarini qanday qondirmoqchi? Facebook rahbari o‘z maktubida aynan shu savollarga javob beradi. 

Rahbarlar bir savolga javob bera bilishlari kerak: ular o‘z oldilariga qo‘ygan maqsadlariga erishish uchun to‘g‘ri yo‘ldan borishyaptimi? Facebook insonlarga inqirozlar va favqulodda holatlarda yoki ulardan keyin qayta tiklanishda yordam beradi. Bundan tashqari tarmoqning haqiqatda gigant ko‘lami fuqarolarning faolligini oshirishga xizmat qila oladi. 

Biznesda o‘sishsiz bo‘lmaydi, Tsukerberg aytganidek: "Facebook – tinimsiz rivojlanish jarayoni va biz hech qachon o‘rganish hamda takomillashishdan charchamaymiz".

Kompaniya maqsadlarini to‘g‘ri bayon qilish - hech qanday ma'noga ega bo‘lmagan zamonaviy so‘zlar majmuasidan ko‘proq ahamiyat kasb etadi. Bu maqsadlar xodimlarga shijoat bag‘ishlovchi muhim omil bo‘lishi mumkin. Faqat ular ishonchli bo‘lishi kerak. 

Mavzuga oid