Ohangaron shahrida bogʻchada sodir boʻlgan holat yuzasidan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu haqda Bosh prokuratura rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
Aniqlanishicha, 2026-yil 28-avgust kuni Ohangaron shahridagi davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyalanuvchisi (2023-yilda tugʻilgan oʻgʻil bola) bogʻcha oshxonasida turgan hasharotlarga qarshi dori vositasini isteʼmol qilib, zaharlangan.
Shahar tibbiyot birlashmasida koʻrsatilgan tibbiy muolajalarga qaramasdan bola oradan 2 kun oʻtib, 30-avgustda vafot etgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (kasb yuzasidan oʻz vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Jinoyat ishi doirasida 1 nafar shaxs gumon qilinuvchi tariqasida jalb qilingan.
“Tergov harakatlari har tomonlama, toʻliq va xolisona oʻtkazilib, har bir aniqlangan holatga qonunchilikda belgilangan tartibda huquqiy baho beriladi”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Tergov natijalari haqida qonunchilikda belgilangan tartibda maʼlum qilinishi bildirilgan.
Avvalroq Toshkent viloyati Maktabgacha va maktab taʼlimi boshqarmasi ham holat yuzasidan rasmiy munosabat eʼlon qilgandi. Unda bolaning buvisi bogʻchada oshpaz boʻlib ishlagani, hodisa tarbiyalanuvchi buvisining yoniga, oshxonaga kirgan vaqtda sodir boʻlgani aytilgan.

















