Hafta oxiri voqealarga boy bo‘ldi. Angliyada Klopp va Gvardiola to‘qnashuvi kuzatildi, Ispaniyada ikki grand yaqqol ajralib qoldi. Germaniyada esa kutilganidek mavsum oxiriga yaqin «Bavariya» mashinasi tezlik oldi. Shu va uik-endning boshqa eng muhim voqealari bilan Tribuna.Uz tanishtirib o‘tadi.
«Liverpul» hamon Robin Gud rolida
Angliya premer-ligasining 29-turida markaziy uchrashuv so‘zsiz «Etihad» stadionida bo‘lib o‘tdi. Unda «Manchester Siti» «Liverpul»ni qabul qildi, jamoalar g‘olib nomini aniqlay olishmadi. «Liverpul» kuchli oltilikdagi jamoalarga qarshi navbatdagi uchrashuvni ham mag‘lubiyatsiz o‘tkazdi. Jamoaning eng qiziq statistikasi ham shunda. Klopp shogirdlari kuchli jamoalarga qarshi o‘yinlarda qanchalik yaxshi o‘yin ko‘rsatayotgan bo‘lsa, autsayderlarga qarshi o‘yinlarda shuncha ko‘p muammolarga duch kelmoqda.
Angliyadagi yana bir muhim voqeilik «Manchester Yunayted»ning g‘alabasidan so‘ng kuzatldi. 148 kun mobaynida 6-o‘rnida borgan Mourino jamoasi nihoyat bu turda «Midlsbro»ning uyidagi zafardan keyin yuqoriga ko‘tarilishga muvaffaq bo‘ldi. Albatta bunga «Arsenal» ham «Vest Bromvich»ga qarshi uchrashuvdagi nursiz o‘yini orqali sababchi bo‘ldi. Ushbu o‘yin arafasida «Arsenal» muxlislari ikkiga bo‘lindi. Jamoa murabbiyi Arsen Vengerga qarshi va uning tarafdori bo‘lgan guruhlar unga qarshi va uni qo‘llab-quvvatlovchi bannerlarni osmonga olib chiqishdi. Endilikda Venger jamoasini «Everton» ham izma-iz ta'qib qilib kelmoqda.


















