O‘zbekistonda investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi tashkil qilinadi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 31 mart kungi «O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasini tashkil etish to‘g‘risida» farmonida belgilab berilgan.
Yangi tuzilmani tashkil etishdan maqsad — «O‘zbekistonning investitsiya salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish, investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, yillik investitsiya dasturlarini sifatli ishlab chiqish, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun qulay sharoitlar yaratish, xalqaro moliya institutlari, xorijiy hukumatlarning moliya institutlari, yetakchi chet el kompaniyalari va bank tuzilmalari bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, jalb etiladigan chet el investitsiyalari samaradorligini oshirish"dan iborat.
Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi bosh vazirning birinchi o‘rinbosari Achilboy Ramatov rahbarlik qiladigan Hududlarni kompleks rivojlantirish va kommunal soha, transport, kapital qurilish va qurilish industriyasi masalalari kompleksi tarkibiga kiradi
O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalarining savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchilari va xalqaro hamda xorijiy moliya institutlaridagi doimiy vakili lavozimi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi nomenklaturasiga kiradi.
O‘zbekistonning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonlari Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga iqtisodiyotning tayanch tarmoqlari va infratuzilmani rivojlantirishga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hamda ilg‘or texnologiyalarni, ustuvor dastur va loyihalarni amalga oshirish uchun texnik ko‘maklashish mablag‘lari (grantlar) va imtiyozli kreditlarni jalb etish bo‘yicha bajarilgan ishlar to‘g‘risida tahliliy materiallar, hisobotlarni, shuningdek, O‘zbekistonning xorijiy mamlakatlar bilan investitsiya sohasidagi hamkorligini yanada mustahkamlash va kengaytirishga doir takliflarni har chorakda muntazam taqdim etib borishi shart.
Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligining chet el kompaniya va tashkilotlari vakolatxonalarini akkreditatsiyadan o‘tkazish vazifasi Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasiga o‘tkazildi.
2017 yilning 1 iyunidan boshlab Investitsiyalar bo‘yicha davlat qo‘mitasi zimmasiga investitsiya loyihalarini amalga oshirish doirasida texnologik uskunalar, butlovchi buyumlar va materiallar yetkazib berish, shuningdek, bitta shartnoma bo‘yicha qiymati 100 ming AQSh dollaridan ortiq hajmdagi ishlar (xizmatlar)ning bajarilishi yuzasidan tender (tanlov) savdolari natijalarini muvofiqlashtirish, ekspertizadan o‘tkazish, kelishish hamda ularga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklatildi.















