Noutbuklar ishlab chiqaruvchi mashhur kompaniya o‘z faoliyatini to‘xtatishi mumkin
Yaponiyaning Toshiba kompaniyasi o‘z ishini to‘xtatishi mumkin. Bundan kompaniya hisobotidagi ma'lumotlar darak bermoqda.
2016 yilning to‘qqiz oyi yakuniga ko‘ra Toshiba sof zarari 4,8 mlrd. dollarni tashkil etdi. 2017 yilning 31 mart kuni tugagan moliya yili yakuniga ko‘ra, kompaniya 9,2 mlrd. dollarlik zarar ko‘rishi mumkin.
Korporatsiya shuningdek o‘z kapitali salbiy miqdorga tushib ketgani haqida ham xabar berdi. 2016 yilning 31 dekabr holatiga ko‘ra, bu ko‘rsatkich minus 2 mlrd. dollarni tashkil etgan.
«Kompaniya faoliyatini to‘xtovsiz olib borishida qator hodisalar va holatlar to‘sqinlik qilishi mumkin», - deyiladi kompaniya bayonotida.
Toshiba asosiy muammolari uning Amerikadagi bo‘linmasi Westinghouse Electric’ning bankrot bo‘lgani bilan bog‘liq. Atom energetikasi bilan shug‘ullanuvchi kompaniya bankrot ekani haqida 2017 yilning marti oxirida ma'lum qildi.
Toshiba o‘zini qutqarish uchun aktivlari ma'lum qismini sotishga qaror qildi, ular orasida – mikrosxemalar ishlab chiqaruvchi korxonalar ham bor. Bu biznesga esa Tayvanning Foxconn kompaniyasi qiziqish bildirdi.
The Wall Street Journal’ning xabar berishicha, Foxconn Toshiba’ga chiplar ishlab chiqarish bo‘linmasi uchun 27 mlrd. dollar taklif qilgan. Ta'kidlanishicha, Foxconn xuddi shunday yo‘l bilan Sharp ustidan nazoratni ham qo‘lga kiritgan.
Nashr manbalari so‘zlariga ko‘ra, Yaponiya hukumati Toshiba yapon yoki yapon-amerika kompaniyasi bilan shartnoma imzolashini kutmoqda, sababi mikrosxemalar ishlab chiqish bilan bog‘liq biznesni mamlakat uchun strategik muhim, deb hisoblaydi.