16:06 / 17.04.2017
61910

Kelin uyiga yuk mashinalari karvonida kelishdi

Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrida kuzatilgan g‘aroyib hodisa haqida xabar keng muhokamaga sabab bo‘ldi. Ammo, afsuski, bu biror zavod ochilishi yoki shunga o‘xshash voqelik yoxud uysizlar, boquvchisini yo‘qotganlar uchun yozilgan katta dasturxon yo bo‘lmasa yordamga muhtojlarga ko‘rsatilgan keng ko‘lamli beminnat ko‘mak xususida emas.

Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi "Voditeli Tashkenta" guruhida Toshkentda kelinbolani olib ketish uchun kuyovbola 10ta og‘ir yuk mashinasidan iborat kortejda kelgani haqida post paydo bo‘ldi. 

"Tantana pufaklari va tasmalar bilan jilo berilgan 10ta Mercedes Geländewagen va 10ta og‘ir yuk mashinasiga nima deysiz? Bugun Yunusobod shunday tomoshaga guvoh bo‘ldi, juda zavqlandi, kortej parovozi gudoklaridan kelayotgan unutilmas musiqa haqida-ku gapirmasa ham bo‘ladi. Menga juda yoqdi", — deb ta'kidlaydi xabarni joylashtirgan internet foydalanuvchisi. 

Biroq, foydalanuvchilar orasida kuyovni oliftagarchilik uchun koyiganlar, kuyovning buning uchun shuncha pulni qayoqdan olganiga qiziqqanlar ham bo‘ldi. 

"Nima uchun bizning odamlar mana shunaqa tomoshalarga ustasi farang? Kimga qarama pul yo‘q, ish yo‘qligidan, maosh kamligidan noliydi. Dabdabali to‘ylarni tashkillashtirishga pulni qayerdan olishadi?", — deb yozadi izoh qoldirganlardan biri.

"Bu kabi “moda” urf bo‘lishidan Xudo asrasin. Bizda bitta to‘yga bitta xonadonning puli ketadi", — deb ta'kidlaydi boshqa biri. 

Xabar muallifiga ko‘ra, kuyovjo‘ra uzoq masofalarga qatnovchi haydovchi bo‘lgani uchun kelinni olib ketishga shunday avtokarvonda kelishga qaror qilgan. 

"Gap yo‘q, tasanno, kuyov bola!!! Kuyovning jo‘ralariga ham gap yo‘q — qo‘llab-quvvatlaganlari uchun! Super tashabbus! Haqiqiy birodarlik mana shunday bo‘pti!", — deydi yana bir foydalanuvchi. 

Shu o‘rinda kichik mulohaza. O‘zbekiston hukumati tomonidan to‘y-tantanalarni ortiqcha sarf-xarajatlarsiz o‘tkazish xususida bir necha qaror-u farmonlar qabul qilinganiga qaramay, shu kabi isrofgarchiliklarning hamon kuzatilayotgani, ayniqsa, bu borada kim o‘zarlik tobora avj olayotgani jamiyatdagi achinarli holatdir. Bu borada, amaliy choralar qo‘llamayotgan yoki qo‘llay olmayotgan mahalliy hokimiyatlar organlari mas'uliyati qayerda qoldi? 

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili qirg‘izistonlik yosh juftlik, shohona to‘y o‘tkazish uchun jamg‘arilgan mablag‘larini yordamga muhtoj oilalar farzandlariga maktab buyumlari olib berish uchun sarflagani haqida xabar qilingan edi. 

Top