Jahon | 18:53 / 20.04.2017
79467
5 daqiqa o‘qiladi

FSB tomoshasi. Azimov O‘shda qo‘lga olingan, keyin Moskvada boshqatdan qo‘lga olingan

Sankt-Peterburg terakti tashkilotchiligida gumondorlar sifatida qo‘lga olingan Abror Azimov va Akram Azimovning onasi farzandlarining qo‘lga olinishi sahnalashtirilgani haqida gapirdi. Uning aytishicha, Akram Azimov avvaliga Qirg‘izistonning O‘sh shahridagi shifoxonadan olib qochilgan.

Qirg‘izistonlik jurnalistlarning Vazira Azimovaga asoslanib xabar berishicha, Akram Azimov 14 aprel kuni O‘shdagi shifoxonada jarrohlik amaliyotidan o‘tkazilgan. Ammo keyingi kunda uni huquq tartibot organlari xodimlari qo‘liga kishan taqib olib ketishgan.

«15 aprel kuni Akramni ko‘rish uchun shifoxonaga keldim. U yerda menga Milliy xavfsizlik bo‘yicha davlat qo‘mitasi boshqarmasi xodimlari o‘g‘limni olib ketishgani haqida aytishdi. Men boshqarmaga advokat bilan yo‘l oldim, ammo u yerdagilar o‘g‘limni topib bera olishmadi. Bir necha kun o‘tib esa u Moskvada paydo bo‘ldi», deyilgan onaning bayonotida.

Azimovaning ta'kidlashicha, uning o‘g‘lini shifoxonadan olib qochishgan.

«Uning chipta uchun puli yo‘q edi, unda pasport ham yo‘q. Bu beo‘xshov tomosha, men adolat istayman», degan ona.

Azimovlarning kichigi Bilol Azimov esa «Interfaks» muxbiriga bergan intervyusida Akromga Rossiyada advokat taqdim etishgan, lekin oila a'zolari uni xususiy advokat himoya qilishini istamoqda. U akasining aybdorligiga ishonmayapti.

«Biz uning aybdorligiga ishonmaymiz. Ular terakt tashkilotchiligiga aloqador bo‘lishi mumkin emas. Ular aybsiz aybdor bo‘lishmoqda», — deya qayd etgan u.

Bilol Azimov akalari Jalolobodda yer sotib olib, bu yerda uy qurishni istagani haqida aytgan. «Akram avvalroq qaytgandi, biz Abrorning kelishini kutayotgandik, shundan so‘ng qurilish ishlarini boshlamoqchi edik», — degan u.

Azimovning yaqinlari bergan ko‘rsatmalarga qaramay Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi hech qanday chora ko‘rmayapti.

Uning o‘rniga Qirg‘iziston tomoni Sankt-Peterburg terakti bo‘yicha tekshiruvlarda Rossiya tomoni bilan hamkorlik qilayotgani aytilgan.

«Teraktga aloqadorligi gumon qilingan va Qirg‘izistonda qachondir yashagan shaxslar haqidagi ma'lumotlar almashish bo‘yicha harakatlar olib borilmoqda», degan boshqarma vakili «Interfaks» agentligi muxbiri bilan suhbatda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, terakt ijrochiligida asosiy gumondor Akbarjon Jalilov hamda aka-uka Azimovlar Turkiyada bo‘lganida ekstremistlar tomonidan yollangan bo‘lishi mumkin.

Azimovning akasi Qirg‘izistondan Rossiyaga deportatsiya qilindi 

Azimovning qo‘shnilari agentlikka bergan ma'lumotiga ko‘ra, Abrorning ona tomondan bobosi taniqli dindor bo‘lgan, hududdagi masjidlarda ko‘p yillar imom bo‘lib ishlagan, onasi Vazira Azimova esa madrasada ta'lim olgan. Qo‘shnilar bu oila vakillari hech qachon radikal xarakterdagi dindor bo‘lishmaganini ta'kidlashgan.

Abror va Akram Azimov 2014 yili Rossiya fuqaroligini olishgan. Fuqarolik olish vaqtida hech qanday qonunbuzarlikka yo‘l quyilmagan. Rossiyaning Qirg‘izistondagi konsulligi xabariga ko‘ra, o‘sha vaqtda ularga Rossiya fuqaroligini bermaslik uchun hech qanday asos bo‘lmagan. 

3 aprel kuni Sankt-Peterburg metrosida ro‘y bergan portlash oqibatida 15 kishi halok bo‘lib, 49 kishi jarohatlandi.

Terakt ijrochisi kelib chiqishiga ko‘ra qirg‘izistonlik o‘zbek bo‘lgan 22 yoshli Rossiya fuqarosi Akbarjon Jalilov ekani aytildi. U shahardagi sushi-barda ishlagan, keyinchalik uning tanishlari qo‘lga olindi.

U terakt kuni qo‘ng‘iroq qilgan Abror Azimov terakt tashkilotchisi sifatida 17 aprel kuni Moskva yaqinida qo‘lga olindi. Qo‘lga olish vaqtida uning yonidan to‘pponcha chiqdi. 

Sud Abror Azimovni hibsga oldi

Uning akasi Akram Azimov esa 19 aprel kuni Moskvada qo‘lga olingan, uning sumkasidan granata chiqqan.

FSB Azimovning akasi qo‘lga olinishi jarayonini namoyish qildi

U bugun FSB tomonidan terakt buyurtmachisi sifatida e'lon qilindi.

 

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid