Jahon | 18:10 / 20.04.2017
6916
2 daqiqa o‘qiladi

Xitoy o‘zining birinchi yuk kosmik kemasini uchirdi

Xitoy payshanba kuni birinchi milliy yuk kosmik kemasi "Tyanchjou-1" ("Osmon kemasi-1")ni uchirdi.

Parvoz mahalliy vaqt bilan soat 19.41da (Toshkent vaqti bilan 16.41da) "Chanchjen-7" raketa-tashuvchisi yordamida Xaynan viloyatidagi Venchan kosmodromidan amalga oshirilgan. Xitoy Markaziy televideniyesi (CCTV) hodisani to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirga uzatdi.

Kema orbitaga olti tonnadan ortiq yukni yetkazib berdi, ular orasida yoqilg‘i va “Tyangun-2” (“Samoviy qasr-2”) fazoviy laboratoriyasiga boshqa zaxiralar bor.

"Tyanchjou-1" parvozdan so‘ng orbitada “Tyangun-2” fazoviy laboratoriyasi bilan unga yoqilg‘i quyish va tajriba hamda sinovlarni o‘tkazish uchun uch bora tutashadi. U o‘z orbitasida taxminan uch oy, shuningdek laboratoriya bilan tutashganidan so‘ng ikki oy vaqt davomida bo‘ladi.

Xitoy o‘z kosmik stansiyasining asosiy modulini 2018 yilda uchirish niyatida, bu kerakli texnologiyalarni sinovdan o‘tkazish uchun amalga oshiriladi. Rejaga ko‘ra, stansiya 2022 yildan to‘laqonli faoliyat olib bora boshlaydi.

Xitoy fazoviy kemalar dasturi bosh loyihachisi Chjan Baynanning xabar berishicha, Xitoy 2018 yildan so‘ng o‘zining bo‘lajak fazoviy stansiyasi asosiy moduliga navbatdagi “Tyanchjou-2” yuk kosmik kemasini uchiradi.

Mavzuga oid