Suriyaning Idlib viloyatida hech qanday kimyoviy hujum bo‘lmagan, bularning barchasi Shayrat aviabazasiga uyushtirilgan rejali hujumni oqlash uchun o‘ylab topilgan. Garchi Suriya armiyasi Xon-Shayxundagi jangarilar obektlariga hujum uyushtirgan bo‘lsa-da, u kimyoviy qurollarsiz hamda G‘arb tilga olinayotgan vaqt oralig‘ida ro‘y bermagan, dedi Suriya prezidenti Bashar Asad RIA Novostiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Suriya hukumati Xon-Shayxundagi jangarilar obektida kimyoviy qurol bo‘lgani haqidagi ma'lumotga ham ega emas.

«Bu hudud «Jabhat-an-Nusra» — mohiyatan «Al-Qoida» nazorati ostida. Jahon afkor ommasida mavjud bo‘lgan yagona axborot aynan shu tashkilot «Nusra» tomonidan Youtube, umuman internetda va asosan g‘arb ommaviy vositalarida e'lon qilingan videolavhadir. Shu sababli bu xabarlarni baholashda ularga asoslana olmaymiz. Birinchidan, biz o‘sha kuni ertalab soat 11:30 da zarba bergan obekt kimyoviy qurol omborimi yoki shunga o‘xshash qurol saqlanadigan joymi, bunisini aniq bilmaymiz. Ularning hikoyasiga ko‘ra, hujum ertalab 6:30 da ro‘y bergan. Bu vaqtda biz hech qanday hujum qilmaganmiz. Shu sababli bizda ikkita taxmin bor: birinchisi — hujum soat 11:30 da yoki qoq peshinda uyushtirilgan. Ikkinchi variant — hech qanday hujum yuz bermagan, bu shunchaki yolg‘on fitna», — degan Asad.

«Fotosuratlar va videokadrlarda tomosha qilgan narsalarimizning barchasi bir-ikki yildan buyon «Oq kaskalilar»ning materiallarida ko‘rib yurganlarimizga juda o‘xshaydi», — dedi Suriya prezidenti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ilgari ham bunday narsalar sahnalashtirilgan bo‘lib chiqqan.

«Ularning Rossiya aviazarbasi oqibatida o‘ldirilgan bolakaylar surati ham soxta bo‘lib chiqqan edi, ular bolakayni yotqizib, ustiga qum-tuproq sochib, qizil bo‘yoq chaplab suratga olishgan. Bu nayranglarning barchasi ular faoliyatining bir qismi. Biz shu versiyaga ishonamiz, chunki hujumni ular oldindan rejalashtirib bo‘lishgan, bizni eshitishni ham istashmadi, surishtiruv ham o‘tkazishmadi, ular faqat shu aviabazaga hujumni istashdi, xolos. Biz oddiy bir sabab bilan bilan buni navbatdagi nayrang, deb o‘ylaymiz: agar hujum qilingan bo‘lsa va gaz sizib chiqqan bo‘lsa, siz o‘sha shaharda 80 kishi vafot etdi deyapsiz — unda shahar qanday qilib yashashda davom etgan bo‘lardi? Ular shahar aholisini evakuatsiya qilishgani yo‘q. Shaharni bir kishi ham tark etgani yo‘q, hayot bir maromda davom etdi, axir (ularning talqiniga ko‘ra) shaharda ommaviy qirg‘in quroli ishlatilgan-ku?» — dedi agentlik suhbatdoshi.

Kimyoviy hujum, deya da'vo qilinayotgan hujumdan so‘ng tarqatilgan video kadrlarda ko‘rinib turibdiki, yordam berayotgan insonlar hech qanday kimyoviy himoya vositalaridan foydalanmay yurishibdi, deya eslatdi prezident.