Sankt-Peterburg metrosidagi teraktga aloqadorlikda gumonlanib qo‘lga olingan Akram Azimov O‘sh shahridagi xususiy klinikadan Qirg‘izistonda maxsus xizmati xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu haqda klinika bosh shifokori maktubida keltirib o‘tilgan.

FSB esa Azimov Moskvada qo‘lga olingani haqida ma'lum qildi.

RBK nashrida yozilishicha, Akram Azimov 15 aprel kuni O‘shdagi shifoxonadan Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi xodimlari tomonidan olib ketilgan. Bu haqda «Xosiyat» klinikasi Zina Karimova va davolovchi shifokor Sanjarbek To‘xtashev imzosida yozilgan maktubda bayon etilgan. Bu maktubdagi so‘zlar Azimovning otasi Ahrol Azimov tomonidan tasdiqlangan.

Xatda aytilishicha, 13 aprel kuni soat 12:20da Akram Azimov klinikaga kelib, nafas olish yo‘llaridagi muammodan shikoyat qilgan. 15 aprel kuni uni jarrohlik amaliyotidan o‘tkazishgan. Xuddi shu kuni soat 15:35da uni Qirg‘iziston Davlat xavfsizlik qo‘mitasining 3 xodimi olib ketgan. Bir necha soatdan keyin u qaytarilgan, ammo keyin yana olib ketishgan.

«Qo‘mita xodimlari bizga guvohnomadan boshqa hujjat ko‘rsatishmadi», — deyilgan maktubda. 

Ikki kun o‘tsa ham Azimov qaytarilmagan, uning tibbiyot tarixini yopishga to‘g‘ri kelgan.

«Uning davolanish jarayoni davom ettirilishi kerak edi», — deya qayd etishgan shifokorlar.

«Ha, uni DXQ xodimlari olib ketishdi va qaytarishmadi. Familiyalarni aytishmadi, shifokorlarga tahdid ham qilindi — ular shunday deyishdi: «Seni ham olib ketishimizni istaysanmi?» Keyin uning onasi keldi, biz unga voqeani aytdik», — degan RBK muxbiriga «Xosiyat» klinikasi shifokori.

Federal xavfsizlik xizmati Azimov 19 aprel kuni Novaya Moskva hududida qo‘lga olingani haqida e'lon qilgandi. RT telekanalida uning qo‘lga olinishi jarayoni tasviri berildi. 

«Uyushtirilgan spektakl»

Azimovning shifoxonadan olib qochilgani to‘g‘risida avvalroq uning qarindoshlari ham ma'lumot berishgandi.

«Uni shifoxonadan 15 aprel kuni olib ketishgan va keyin spektakl uyushtirilgan, xuddiki uni Moskva yaqinida qo‘lga olishgan», — degan RBK nashriga sud majlisidan oldin gumonlanuvchining otasi Ahrol Azimov.