Jamiyat | 15:03 / 24.04.2017
25918
3 daqiqa o‘qiladi

UNICEF tomonidan O‘zbekistonda bolalarni emlash haftaligi boshlandi

UNICEF tomonidan O‘zbekistonda 24-30 aprel kunlari bolalarni emlash haftaligi bo‘lib o‘tadi. Bu haqda UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi Kun.uz’ga xabar bermoqda.

So‘nggi yigirma yil davomida UNICEF’ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi mamlakat bolalarini oldini olish mumkin bo‘lgan kasalliklarga qarshi emlash qamrovini yanada kengaytirish va yuqori ko‘rsatkichni doimiy ravishda ta'minlash borasida Hukumatga ko‘mak berib kelmoqda. 

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) xabar berishicha, 2015 yilda besh yoshga yetmagan 1.5 milliondan ziyod bola pnevmoniya, diareya va qizamiqdan vafot etgan. 

Emlash hamda bolalarning munosib tibbiy yordam olishlarini ta'minlash orqali ushbu kasalliklarning oldini olish mumkin.

Xabardorlikni oshirish va emlashga bo‘lgan talabni ko‘paytirish maqsadida, har yili aprel oyining so‘nggi haftasi Jahon emlash haftaligi sifatida nishonlanadi. 2017 yilning axborot kampaniyasi «Vaktsinalar foyda beradi» shiori ostida o‘tkaziladi. (#VaccinesWork).

Rejali emlash – birlamchi samarali tibbiy-sanitariya yordamining asosidir. U har bir bola uchun umrining eng dastlabki onlaridanoq salomat hayot kechirish imkoniyatini beradi. Ko‘pgina kasalliklar, jumladan, bo‘g‘ma, gepatit B, qizamiq, ko‘k yo‘tal, pnevmoniya, bachadon bo‘yni saratoni, poliomiyelit, rotavirus diareyasi, qizilcha va qoqsholga qarshi emlash iztiroblar, nogironlik va o‘limning oldini olish imkonini beradi. 

Bugungi kunda emlashning erishgan so‘zsiz yutuqlariga hech kim e'tiroz bildira olmaydi:
• Yer sayyorasida chechak kasalligi butunlay yo‘q qilindi;
• Yevropa, Sharqiy Osiyo va Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlarda poliomiyelit bartaraf etilgan va qizamiq infeksiyasi nazorat ostiga olingan;
• Dunyoda bolalarning qoqshol, bo‘g‘ma, ko‘k yo‘tal, qizilcha, meningit va gepatit B bilan kasallanishi sezilarli darajada kamaygan;
• Har yili 750 mingdan ortiq bola nogironlikdan omon qolmoqda.

Sog‘liqni saqlash vazirligi, milliy va xalqaro hamkor tashkilotlarning sa'y-harakatlari natijasida mamlakatda boshqarib bo‘ladigan infeksiyalarga qarshi emlashning yuqori qamroviga erishish hamda ijobiy epidemiologik vaziyat yaratildi. So‘nggi o‘n yillikda rejali profilaktika maqsadidagi emlash qamrovi 98 99foizni tashkil etdi.

Meningit, bakteremiya, o‘rta otit, sinusit va bronxit kabi, jiddiy infeksiyalarning oldini olish uchun 2015 yilda O‘zbekistonda yangi pnevmokokk vaksinasi joriy etildi.

Mavzuga oid