Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Dunyoda bolalar va o‘smirlar orasida semizlik darajasi birinchi marta kam vaznlikdan oshib ketdi – UNICEF
Ma’lum qilinishicha, butun jahon bo‘ylab 5 yoshdan 19 yoshgacha bo‘lgan har 10 nafar boladan biri, ya’ni 188 million bola va o‘smir semizlikdan aziyat chekmoqda. Bunga asosiy sabab sifatida qayta ishlangan, kaloriya miqdori yuqori va narxi nisbatan arzon bo‘lgan mahsulotlar iste’moli ko‘paygani keltirilgan.
Foto: AP
BMT Bolalar jamg‘armasi — UNICEF’ning yangi hisobotiga ko‘ra, maktab yoshidagi bolalar va o‘smirlar orasida semizlik darajasi ayni vaqtda kam vaznlikdan ustunlik qilmoqda. Ta’kidlanishicha, dunyo bo‘ylab 188 million bola va o‘smir ushbu muammoga duch kelgan.
Tadqiqotchilar 190 dan ortiq mamlakat ma’lumotlarini o‘rgangan hamda Sahroyi Kabirdan janubda joylashgan Afrika hududlari va Janubiy Osiyo mintaqalaridan tashqari barcha hududlarda ortiqcha vaznli bolalar soni kam vaznlilardan ko‘proq uchrayotganini aniqlagan.
So‘nggi 25 yil davomida dunyo bo‘ylab ortiqcha vaznga ega bolalar soni 194 milliondan 391 milliongacha, ya’ni ikki baravarga ko‘paygan. Shulardan katta qismi semizlar toifasiga kiradi, deyiladi hisobotda.
Eng yuqori ko‘rsatkichlar Tinch okeanining ayrim orollarida qayd etilgan: Nyuyeda 5–19 yoshdagilarning 38 foizi, Kuk orollarida 37 foizi, Nauruda esa 33 foizi semiz hisoblanadi.
Daromadi yuqori mamlakatlarda ham ko‘rsatkich baland: masalan, Chilida 5–19 yoshdagilarning 27 foizi, AQSh va Birlashgan Arab Amirliklarida esa 21 foizi semizdir.
Tadqiqotchilarning aytishicha, bolalar orasida keng tarqayotgan semizlik muammosiga asosiy sabab shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlar, oqsil va tola yetishmaydigan, tuz, zararli yog‘ hamda qo‘shimchalarni tarkibida saqlovchi, ultra-qayta ishlangan va tez tayyor ovqatlarni ko‘p iste’mol qilishdir.
“Semizlik bolalarning sog‘ligi, rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadigan va tobora ortib borayotgan holat. Hozirda ultra-qayta ishlangan ovqatlar meva, sabzavot, oqsilni ratsiondan siqib chiqarmoqda. Bu esa aynan bolalar o‘sishi, aqliy rivojlanishi va ruhiy salomatligi uchun muhim davrda sodir bo‘lyapti,” — deydi UNICEF ijrochi direktori Ketrin Rassel o‘z bayonotida.
Tadqiqotchilarning ta’kidlashicha, yuqori daromadli mamlakatlarda ortiqcha vaznli bolalar ko‘pincha kam ta’minlangan oilalarda uchraydi, ular asosan arzon va zararli ovqatlarni iste’mol qiladi. Ammo daromadi past mamlakatlarda ortiqcha vaznli bolalar boyroq oilalardan chiqadi, chunki ular kaloriyasi yuqori ovqatlarni sotib olish imkoniyatiga ega. O‘rta daromadli davlatlarda esa ortiqcha vazn barcha ijtimoiy qatlamlarda kuzatiladi, negaki ularda ultra-qayta ishlangan ovqat va ichimliklar keng tarqalgan.
Hisobotda qayd etilishicha, 2000 yildan beri 5–19 yoshdagi kam vaznli bolalar ulushi 13 foizdan 9,2 foizgacha kamaygan. Biroq past va o‘rta daromadli mamlakatlarda 5 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida to‘yib ovqatlanmaslik hanuz “jiddiy muammo” bo‘lib qolmoqda. Bu esa bolaning ozib ketishi yoki o‘sishdan to‘xtab qolishi kabi holatlar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, semizlik — bu inson organizmida ortiqcha yog‘ to‘planishi bo‘lib, sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan holat. UNICEF izohiga ko‘ra, bola o‘z yoshi, jinsi va bo‘yiga nisbatan “me’yordan ancha og‘irroq” bo‘lsa, u ortiqcha vaznga ega hisoblanadi. Semizlik esa ortiqcha vaznning og‘ir shakli bo‘lib, insulin qarshiligi, yuqori qon bosimi, 2-tur diabet, yurak-qon tomir kasalliklari va saraton xavfini oshiradi.
Mavzuga oid
16:50 / 04.12.2025
Dell asoschisi amerikalik bolalarga boshlang‘ich investitsiya uchun 6 mlrd dollar pul tarqatadi
08:04 / 04.12.2025
AQSh BMTning ukrainalik bolalarni qaytarish to‘g‘risidagi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatladi
19:08 / 26.11.2025
“Bog‘chaga moslashuv: bola uchun emas, ona uchun ham katta sinov” - psixologdan muhim tavsiyalar
20:36 / 21.11.2025