39 yoshli markazchi va Fransiyaning sobiq iqtisodiyot vaziri, avval saylovlar orqali egallanadigan birorta lavozimni egallamagan Emmanuel Makron Fransiyaning keyingi prezidenti bo‘lish uchun katta imkoniyatlarga ega. Makron 23 aprelda Fransiyada o‘tgan prezidentlik saylovlarining 1-bosqichida g‘olib bo‘ldi. Makron 7 may kuni bo‘lib o‘tadigan 2-bosqichda Marin Le Pen bilan uchrashadi. Shunga qaramay, bizga fransuz siyosatining porlayotgan yulduzi haqida deyarli hech narsa ma'lum emas.

Quyida siyosatchi haqida ma'lumotlar berilgan.

Makron 1977 yil 21 dekabrda tug‘ilgan.

Lavozimi: Iqtisodiyot, sanoat va axborot texnologiyalari vaziri  

Partiyasi: "Olg‘a". Makron 2016 yilda o‘zining partiyasini tashkil etish va prezidentlik saylovlarida ishtirok etish uchun hukumatni tark etgan.

Siyosiy karerasi:
2012−2014 — iqtisodiyot va moliya bo‘limi boshlig‘i;
2012−2014 — prezident huzuridagi bosh kotib o‘rinbosari;  
2014−2016 — iqtisodiyot, sanoat va axborot texnologiyalari vaziri;  
2017 — "Olg‘a" partiyasidan prezidentlikka nomzod.

Makron Amen shahrida katta bo‘lgan. Ota-onasi shifokorlar. Ona shahridagi maktabni bitirib, Parijga ko‘chib o‘tgan va u yerdagi Genrix IV litseyi bakalavriatiga, so‘ngra siyosiy tadqiqotlar institutiga o‘qishga kirgan.

O‘z vaqtida pianinochi sifatida musiqa tanlovlarida mukofotlar bilan taqdirlangan. Falsafa sohasida magistr unvoniga ega.

Makron Fransiyaning amaldagi prezidenti Fransua Olland kabi Ma'muriyat milliy maktabida ta'lim olgan. Bu o‘quv maskanidan ko‘plab davlat xizmatchilari va siyosiy yetakchilar yetishib chiqqan. 

Siyosiy faoliyati 

Makron bir vaqtlar sobiq prezident Fransua Mitteranning maslahatchisi bo‘lgan. Mitteran Makronning zakovatidan tasanno aytib, unda "prezident bo‘lish salohiyati" borligini ishonch bilan ta'kidlagan.

2008 yilda Makron davlat xizmatidan ketib, Rothschild investitsion bankiga ishga kirgan va tezda mansab pillapoyalaridan ko‘tarilgan. Ma'lum qilinishicha, Makron Pfizer bo‘linmasining Nestlé kompaniyasi tomondan xarid qilinishi bitimini tashkillashtirishda ishtirok etgan va bu bitim orqasidan 2 mln yevro ishlab olgan.