Grin kard lotereyasi haqida eshitmagan, uning nimaligini bilmagan odam bo‘lmasa kerak. O‘ziga xos bu o‘yinda dunyo bo‘yicha har yili deyarli 10 million kishi ishtirok etmoqda. Ular orasida bir necha yuz ming yurtdoshlarimiz ham bor. Shuni hisobga olib, Grin kard lotereyasida qatnashadiganlar uchun ayrim tavsiyalar bilan o‘rtoqlashmoqchi edik. Bu yo‘lda aldanib qolmaslik uchun nimalarni bilish kerak, qanday qoidalarga rioya qilmoq zarur?

Grin kard lotereyasida qatnashish uchun ariza topshirish tekin. Firibgarlar domiga tushib qolmaslik uchun arizani har kimning o‘zi to‘ldirishi maqsadga muvofiq. Ariza to‘ldirishda vositachi xizmatidan foydalangan taqdirda, ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi varaqni printerda chop etib berishlarini talab etish kerak.

AQSh hukumati tomonidan ushbu mamlakatga borib yashash va ishlash huquqini beradigan vizalar (yoki Grin kardlar) uchun ro‘yxatga olish jarayoni har yili oktabr va noyabr oyining boshlarida davom etadi. Bunda ajratilgan 50 mingta vizani qo‘lga kiritish uchun 190 ta davlat fuqarolari murojaat etish huquqiga ega bo‘lishadi. Davlatlar soni har yili ma'lum o‘zgarishga uchrashi mumkin.

Grin kard lotereyasida qatnashish uchun ariza topshirish tekin. Faqatgina lotereyada g‘olib chiqqanlar AQSh elchixonasiga suhbatga borganda, konsullik kassasiga 330 dollar to‘lashadi. Grin kard lotereyasi ishtirokchisidan boshqalarning haq talab qilishi firibgarlik sanaladi.

Firibgarlar qo‘liga tushib qolmaslik uchun vositachilar xizmatidan foydalanmaslik zarurligini AQShning Toshkentdagi elchixonasida jurnalistlar bilan bo‘lgan uchrashuvda Konsullik bo‘limi rahbari vazifasini bajaruvchi Otto Vesthassel uqtirib o‘tdi. 

Lotereyada qatnashish istaganlar internetdagi www.dvlottery.state.gov sahifasiga kirib, ariza topshirishlari mumkin. Ariza to‘ldirishda vositachilar xizmatidan foydalanmoqchi bo‘lganlar faqat arizani to‘ldirib bergani uchun o‘zaro kelishilgan holda haq to‘lashlari mumkin. O‘rtaga tushgan odam lotereya yakuniga ta'sir etolmaydi, kimnidir g‘olib bo‘lishiga yordam ko‘rsatolmaydi. Chunki vizaga murojaat etuvchilar kompyuter orqali amalga oshiriladigan tasodifiy tanlov orqali saralanadi.

Shuni alohida uqtirishni istardikki, AQSh Davlat departamentining Konsullik masalalari byurosining veb-saytida Grin kard so‘rovnomasini qanday to‘ldirish kerakligi haqida o‘zbek tilida yo‘riqnoma mavjud.

Ariza topshirishda vositachiga murojaat qilganlar albatta ro‘yxatga olinganligini tasdiqlovchi varaqni printerda chop etib berishlarini talab etishlari kerak. Ushbu varaqda ko‘rsatilgan kod orqali har bir shaxs may oyining boshlarida internetdagi yuqorida ko‘rsatilgan sahifaga kirib, lotereyadagi ishtirokining natijasini bilib olishi mumkin. Aks holda, vositachilar lotereyada g‘olib chiqqanlardan katta pul talab qilishayotganligini tajriba ko‘rsatib turibdi.