O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 24 aprel kuni «2017—2021 yillarda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi. Qaror matni va uning sharhi O‘zA tomonidan e'lon qilingan.
Hozirgi paytda O‘zbekistonda 4 mingdan ziyod xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati tomonidan 32,4 mingdan ortiq ko‘p xonadonli uyga xizmat ko‘rsatilmokda.
«Shu bilan birga, ushbu tarmoqda olib borilayotgan ishlar tahlili xususiy uy-joy mulkdorlarining ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash, undan foydalanish va ta'mirlash borasidagi faoliyatida hal etilmagan qator muammolar borligini ko‘rsatmoqda», — deyilgan qarorning rasmiy sharhida.
Qayd etishlaricha, ko‘p xonadonli uy-joy fondini boshqarish va undan foydalanishda joylardagi ijro hokimiyati organlari va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari o‘rtasida kompleks yondashuv hamda o‘zaro hamkorlik mexanizmi shakllanmagan. Ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash borasida ta'sirchan nazorat o‘rnatilmagan, ko‘p hollarda undan texnik foydalanish va aholining xavfsiz yashashini ta'minlash borasidagi me'yor va talablar buzilishiga yo‘l qo‘yilmokda. Ko‘p xonadonli uylarda ta'mirlash-tiklash ishlarini o‘tkazishning qoida va muddatlariga rioya etilmayapti, bu esa aholining haqli noroziligiga sabab bo‘lmoqda.
Prezidentning yangi qarori esa ko‘p xonadonli uy-joy fondining texnik holatini tubdan yaxshilash va undan oqilona foydalanish, ta'mirlash-tiklash ishlarini belgilangan muddatlarda olib borish, shuningdek, ko‘p xonadonli uylarga tutash hududlarni yanada obodonlashtirish uchun zarur shart-sharoit yaratish maqsadida qabul qilindi.
Hujjatda ko‘p xonadonli uy-joy fondini saqlash va undan foydalanish tizimini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari belgilangan bo‘lib, ular quyidagilarni nazarda tutadi:
- aholining uy-joy sharoitini yaxshilash, ko‘p xonadonli uylarda joylashgan xonadonlardagi muhandislik-kommunikatsiya tizimi va umumiy tarzda foydalaniladigan infratuzilmalarni o‘z vaqtida va sifatli ta'mirlash, shuningdek, ko‘p xonadonli uy-joy fondiga tutash hududlarni obodonlashtirish, u yerlarda bolalar va sport maydonchalarini barpo etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish;
- ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanish va unga xizmat ko‘rsatish bozorini rivojlantirish imkonini beradigan uy-joy kommunal xo‘jaligini boshqarishning ta'sirchan vertikal tizimini yaratish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish;
















