1939 yilda asos solingan Toshiba dunyodagi eng yirik chip, maishiy va ofis elektronikasini ishlab chiqaruvchi korporatsiyalaridan biriga aylandi. Shuningdek u HD-DVD formatining yaratilishida ishtirok etgan hamda robot texnikasi sohasida yuqori texnologik ishlanmalari bilan mashhur.

Moliyaviy hisobotlarning soxtalashtirilishi va Westinghouse muammolari tufayli Toshiba hozir qiyin vaziyatda qolgan, hatto rahbariyatning o‘zi ham konglomeratning kelgusidagi istiqbollariga shubha qilmoqda.

2017 yilning 11 aprelida ma'lum bo‘lishicha, Toshiba kelgusidagi faoliyatini shubha ostiga qo‘ydi. Moliyaviy yil yakunlariga ko‘ra, kompaniya 9,2 milliard dollar zararni prognoz qilmoqda. Rahbariyat uni qutqarishga urinib, alohida yo‘nalishlarni sotishga kirishdi.

Toshiba o‘z tarixi davomida bir necha inqirozlarni boshdan kechirgan va murakkab vaziyatlardan doim muvaffaqiyatli chiqishning uddasidan chiqqan.

Toshiba'ning asoschisi muhandis Xisasige Tanaka hisoblanadi. U 1799 yilda usta-hunarmand oilasida dunyoga kelgan. Bolaligidan o‘z ixtirolari bilan mashhur bo‘lgan Xisasige 14 yoshidayoq chiroyli va murakkab konstruksiyalarni tayyorlay oluvchi dastgohni yaratgan. U paytlar Yaponiyada bunday texnologiyalar bo‘lmagan.

20 yoshida u "karakuri-ningyo" mexanik qo‘g‘irchoqlarini tayyorlay boshlagan. Tanake haqiqiy san'at asarlarini yaratardi va ular bilan tomoshalar ko‘rsatib, mamlakat bo‘ylab sayohat qilardi.

Xisasige oilada to‘ng‘ich o‘g‘il bo‘lgan va shu bois ota kasbini meros qilishi kerak edi, lekin ixtirochi otasini bunday sharafni kenja ukasiga ko‘rsatishga ko‘ndirgan, o‘zi esa sayohat qilishda davom etgan. Xisasigening asosiy orzusi ixtirochi bo‘lish edi, u doimo o‘z ko‘nikmalarini mukammallashtirishga harakat qilgan.

1830-yillarning o‘rtasida "karakuri" tomoshalari mashhurlikni yo‘qota boshlaganida Tanake Osakaga qarab yo‘l oldi va u yerda gidravlika, pnevmatika va kolza yog‘i asosidagi yoritish shakllari ustida tajriba qilgan. U cho‘ntak shami, shuningdek oddiy shamdan o‘n karra ko‘p yorituvchi uzoq yonuvchi lampalarni yaratgan. Tanaka xaridorlar ehtiyojini qondirish uchun lampaning yetti xil variatsiyasini tayyorlagan.

Tanaka biroz vaqt Kiotoda bo‘lib, u yerda matematika, taqvim va astronomiyani o‘rgangan. Bu davrda u maxsus yong‘inga qarshi nasos ishlab chiqqan. Uning yana bir mashhur ixtirolaridan biri "Miriada yillar soatlari" bo‘lgan. Ular yapon madaniy merosining bir qismiga aylangan.