Xitoyliklar uchun Fransiya prezidentligiga asosiy nomzod Emmanuel Makronning rafiqasi uning saylovoldi kampaniyasidan ham ko‘ra ko‘proq qiziqish uyg‘otgan. Bu haqda The South China Morning Post xabar yozgan.

Manbaning ma'lumotiga ko‘ra, Brijit Makron haqida WeChat ijtimoiy tarmog‘ida tinimsiz muhokamalar o‘tkazilgan. Ulardan biri shunday yozgan: «Makron: uning sevgi yo‘li uning prezidentlikka yo‘lidan ham qiziqarliroq».

Xitoyliklar bu er va xotinning yoshlari orasidagi farq kattaligidan hayron bo‘lishmoqda. Siyosatchining yoshi 39da, Brijit xonim esa 64 yoshda. Internet foydalanuvchilari Makronning 30 yoshida nabirali bo‘lganiga ham e'tibor qaratishgan (Brijit Makronning avvalgi turmushidan bo‘lgan farzandi farzandli bo‘lgan).

Nashrning qayd etishicha, xitoyliklar Makronning bunday nikoh qurishini Xitoydagi «Xalq nomi bilan» nomli serialdagi voqealarga qiyoslashgan. Ushbu serial aksilkorrupsiya ruhida bo‘lib, uning syujyetiga ko‘ra bosh qahramon Tsi Tunvey o‘zidan 10 yosh katta bo‘lgan ayolga, nufuzli amaldorning qiziga uylanadi.

Ko‘plab foydalanuvchilar Makronni yoqlashgan. Ular 51 yoshli qo‘shiqchi Aaron Kvok 29 yoshli ayolga uylanganini eslatib o‘tishgan.

«Agar oila baxtli bo‘lsa, yoshning nima farqi bor», — deya yozgan WeChat foydalanuvchilaridan biri.

Fransiyada prezidentlik saylovining ikkinchi turi 7 may kuni bo‘lib o‘tadi. Ikkinchi turga Makron bilan birga o‘ta o‘ng kuchlar vakili Marin Le Pen ham o‘tgan.

Progressiv qarashlari tufayli Emmanuel Makronni “fransuzlar Obamasi” deya atay boshlashgan. Brijit Makron maktab o‘qituvchisi bo‘lib, u turmush o‘rtog‘idan 24 yosh katta.

Brijit Mari-Klod Makron Amen shahrida 1953 yilning 13 aprelida tug‘ilgan. Brijit oilada eng kichik farzand bo‘lgan, uning oilasi konditer mahsulotlari ishlab chiqishi bilan shug‘ullangan.

21 yoshida, 1974 yili Brijit bankir Andre Lui Ozerga turmushga chiqqan va undan 3 farzand ko‘rgan. Brijit Ozer Amendagi diniy maktabda fransuz va lotin tillaridan saboq bergan. U aynan shu yerda Emmanuel Makron bilan tanishgan.

15 yoshli Makronga Brijit adabiyot va teatr darsida saboq beradi. 17 yoshida Makronni tahsilni davom ettirishi uchun Parijga yuborishadi. U ketishdan oldin o‘qituvchisining oldiga keladi va albatta qaytishini hamda unga uylanishini aytadi. 2006 yili Brijit Andre Lui Ozer bilan ajrashadi hamda 2007 yilda Makron bilan turmush quradi.