«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili doirasida navbatdagi so‘rov o‘tkazildi.

Mazkur so‘rovda keng jamoatchilik, yoshlar, otaxonu onaxonlar, turli kasb va millat vakillari, shaharu qishloqlar aholisi qatnashgan.

So‘rov shuni ko‘rsatdiki, mutlaq ko‘pchilik uchun oila hayotning barcha sohasida muhim rol o‘ynaydi hamda ijtimoiy va axloqiy jihatdan katta ahamiyatga ega. Ularning fikricha, O‘zbekistonda kechayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar jarayonida oilaviy qadriyatlar fuqarolar uchun umrning ustuvor maqsadi bo‘lib qolmoqda. So‘rov ishtirokchilarining 90,7 foizi ajrimga salbiy munosabatda ekanini bildirgan.

Tahlillarga ko‘ra, o‘zbekistonliklar uchun oila qarindoshlik hamda nikoh rishtalari bilan bog‘langan kishilar guruhi, jamiyat va davlatning asosi hisoblanadi. Oila mamlakat barqarorligi hamda xavfsizligini yanada mustahkamlash, yosh avlodni tarbiyalashda hal qiluvchi o‘rin tutadi. Shu ma'noda, fuqarolar o‘z farzandlari, umuman, jamiyat kelajagi uchun oilaning mas'uliyatini teran anglashi qayd etilgan.

So‘rov ishtirokchilarning fikricha, nikohga kiruvchilarning yoshi oila qurishga ta'sir etuvchi muhim omildir. Aniqlanishicha, O‘zbekiston aholisi uchun yigitlarning 24-25 yoshda, qizlarning esa 21 — 23 yoshda bo‘lishi oila qurishning eng maqbul payti sanaladi. Oila qurishdan avval yoshlar ma'lumot olishlari, kasb-hunar egallashlari va eng asosiysi, iqtisodiy mustaqil bo‘lishlari kerak.

Ishtirokchilarning bildirishicha, yoshlarning turmushga tayyorligi ularning ma'naviy yetukligi hamda oilasi uchun mas'uliyatni zimmasiga olishga tayyor ekani bilan belgilanadi.

So‘rov aholining aksariyat qismi Oila kodeksining nikohga kiruvchi yoshlar tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va bir-birini o‘zining sog‘lig‘i haqida xabardor qilishi shartligi haqidagi qoidalarini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.

Ayni paytda so‘rov jarayonida fuqarolarimiz nikohga kirishda ota-ona roziligining ahamiyati hamda zaruratini e'tirof etishgan. Mutlaq ko‘pchilik, ya'ni respondentlarning 99,4 foizi fikriga qaraganda, nikohga kiruvchi yoshlar uchun ota-onalarning oq fotihasi oilaviy baxtning, farovonlikning muhim omilidir.

Fuqarolarning fikriga ko‘ra, oilaviy muhit bolaning komil inson bo‘lib voyaga yetishiga kuchli ta'sir ko‘rsatadi. Aynan shu sababli ota-onalar mustahkam oila qanday bo‘lishi, er-xotin bir-biriga va farzandlariga qanday munosabat ko‘rsatishi, nikoh — oila masalasiga taalluqli holatlarda qanday yo‘l tutish kerakligi masalalarida o‘zlari ibrat bo‘lishlari lozim.