Sochida Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin hamda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va u uch soatdan ortiq vaqt davom etdi.
Shundan so‘ng ikki mamlakat yetakchilari matbuot anjumanida jurnalistlar oldida bayonot berishdi. RIA "Novosti"ga ko‘ra, muzokaralarning asosiy mavzulari - ikki tomonlama munosabatlar, terrorizm bilan kurash va Yaqin Sharqdagi vaziyat.
Ikki tomonlama munosabatlar
Muhokamaning asosiy mavzularidan biri ikki tomonlama munosabatlar bo‘ldi. Putinning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya va Turkiya ko‘p tarmoqli hamkorlikni mustahkamlash tarafdori.
"Turkiya Rossiyaning muhim va istiqbolli hamkori hisoblanadi. Hammaga ma'lumki, biroz vaqt avval bizning ikki tomonlama munosabatlarimiz sinovdan o‘tdi. Hozir ishonch bilan aytish mumkinki, Rossiya-Turkiya munosabatlaridagi tiklanish davri nihoyasiga yetdi. Biz o‘zaro hamkorlikning normal holatiga qaytdik", - dedi Putin.
U may oyining oxirida ikki tomonlama munosabatlar asosidagi rus-turk kelishuviga 25 yil to‘lishini yodga soldi.
Rossiya rahbarining so‘zlariga ko‘ra, ikki mamlakat hukumat a'zolari hamda yetakchi energetika kompaniyalari rahbarlarining muzokaralari davomida tomonlar Rossiya va Turkiyaning 2017-2020 yillar uchun Hamkorlik dasturining bajarilish jarayonlarini batafsil o‘rganib chiqishgan.
Putinning aytishicha, iqtisodiy sohadagi hamkorlik, savdo va investitsiya almashinuvini kengaytirishga halaqit beruvchi cheklovlar va to‘siqlarning olib tashlanishiga alohida e'tibor qaratilgan. Shuningdek uchrashuv ishtirokchilari o‘zaro hisob-kitoblarni milliy valyutaga o‘tkazish imkoniyatlariga ham to‘xtalib o‘tishdi.
Shuningdek Moskva Turkiyadagi "Akkuyu" AES qurilishiga 22 milliard dollar sarmoya qilayotgani ta'kidlandi.

Rahbarlar bayonotiga ko‘ra, o‘zaro savdo ko‘rsatkichlarining pasayishini to‘xtatishga muvaffaq bo‘lingan. Putin 2017 yilning birinchi oylari "o‘zaro tovar ayirboshlash taxminan 3 foizga o‘sgani"ni qayd etdi.

















