Boshliqlarga juda ko‘p narsa bog‘liq. Masalan, Gallup tadqiqotiga ko‘ra, xodimlarning ishga jalb qilinganlik darajasining kamida 70 foizi rahbarning shaxsiyati bilan bog‘liq ekan. Bu juda tashvishli holat, chunki shu tadqiqotning ikkinchi qismiga ko‘ra, top-menejyerlarning 70 foizi zarur boshqaruv ko‘nikmalariga ega emas. Ishlarning bu ahvoldaligi nafaqat xodimlarning ishga mehri va hayot darajasi, shuningdek, korxonalarning samaradorligiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi.
Kompaniyalarning aksariyatida samarador rahbarlar ish uchun nechog‘lik zarur ekanligini yaxshi anglashadi, lekin hamma ham o‘ziga chin ma'nodagi yetakchi bo‘lishda asqotadigan ta'lim uchun jiddiy sarmoya kiritishga tayyor emas. Bunga sabab, savodli boshqaruvni ta'riflash va o‘lchash qiyin ekanligida. Atoqli menejyerlarning sifat belgilari (ular kishilarga ishonch baxsh etadi, o‘zlarining kuchli tomonlariga tayanib, mas'uliyatni tarbiyalashadi va «gilam ostidagi, pinhona o‘yinlar»dan yiroq yurishadi) aniqlab berilgan tadqiqotlar bor, lekin bu tavsiflar kundalik hayotda yomon rahbarlar yaxshisidan qanday farqlanishi haqida ancha noaniq tasavvur hosil qiladi.
Yaqinda ushbu muammoni yorituvchi yangi ma'lumotlar e'lon qilindi. Microsoft kompaniyasining Workplace Analytics xizmati shaxsiga e'tibor bermasdan millionlab elektron xatlar va kompaniya-mijoz uchrashuvlari haqidagi metama'lumotlarni tahlil qilib, samaradorlik va tashkilotchilikdagi xulq-atvorning obektiv va miqdorini o‘lchasa bo‘ladigan asosiy ko‘rsatkichlarini (masalan, menejyerlar qo‘l ostidagilar bilan shaxsiy uchrashuvlarga qancha vaqt sarflashi, xodimlarining elektron xatlariga qanchalik tez javob berishi, ularning tanishlari tarmog‘i nechog‘lik rang-barangligini) to‘plashga harakat qilgan. Bundan tashqari, samaradorlikning bu asosiy ko‘rsatkichlari xulq-atvorning qaysi turlari xodimlarning turli toifalarini farqlab berishini anglashga ko‘maklashadigan boshqa ma'lumotlar bilan bog‘langan.
Biz KPI ma'lumotlarini Fortune 100 ro‘yxatiga kiruvchi ikki yirik kompaniya xodimlarining ishga jalb qilinishi darajasiga bog‘lashga muvaffaq bo‘ldik. Rahbarlarning o‘z xodimlarni ishga jalb qilinishida tutgan o‘rnidek, Gallup tomonidan ixtiro qilingan yangi usuldan ilhomlanib, samarali menejyerlar nimasi bilan farqlanishi va ular kundalik ishlarini qanday olib borishlarini tushunishga harakat qildik. Natijalar taassurot qoldiradigan bo‘ldi, — deb yozishadi Workplace Analytics tadqiqoti mualliflari Rayan Fuller va Nina Shikaloff.
Agar ish uchun sarflanadigan vaqtga e'tibor qaratilsa, rahbarlar xodimlarni shaxsiy namuna bilan ergashtirar ekan.


















