Ispaniya futboli yetakchilari o‘z arenalarini kengaytirish va yanada ko‘proq pul ishlab topish uchun umumiy hisobda bir milliard yevroning bahridan o‘tishga tayyor.

Foto: Forbes.ru

Ispaniyadagi eng katta ikki futbol stadioni — Madriddagi «Santyago Bernabeu» (sig‘imi: 81.000 tomoshabin) va Barselonadagi «Kamp Nou» (99.000 tomoshabin) keng miqyosdagi qayta ko‘rish ishlariga tayyorlanmoqda. Loyihalar ma'qullangan bo‘lsa ham, ishlarning boshlanish sanasi hali aniq emas. «Real»ga loyiha detallarini shahar hokimiyati bilan kengashib olishi zarur bo‘lsa, «Barselona» qarzlaridan qutilishi kerak. Har ikki arenaning umumiy smetasi — 1 milliard yevroga teng baholanmoqda. Forbes buncha pulni klublar nima uchun sarflashayotganini aniqladi.

Tarix. Ikkovlonga yarim milliard peset

1947 yilgacha «Real» sig‘imi bor-yo‘g‘i 15.000 kishilik bo‘lgan stadionda o‘ynagan. Klub prezidenti Santyago Bernabeu nomini keyinchalik olgan yangi, ikki qavatli stadion 75.000 kishiga mo‘ljallangandi. 1954 yilda uning minbarlaridan birida uchinchi qavat qad ko‘tardi va keyingi o‘n yilliklar mobaynida «Real» o‘yinlariga 125.000 tomoshabin kirgan paytlar ham bo‘ldi.

O‘sha 1954 yilda Kataloniya poytaxtida «Barselona» uchun yangi stadion qura boshlashgan. 1957 yilda 60 ming kishilik Camp de les Corts’dan klub 93 ming kishilik yangi arenaga ko‘chib o‘tadi. «Kamp Nou» va «Santyago Bernabeu»ning qurilishi 288 million pesetga tushadi, ya'ni o‘sha vaqtning kursi bilan 7 mln. dollarga.

1982 yilda Ispaniya jahon chempionati mezboni etib tanlanadi. Turnirni qabul qilayotgan stadionlar minbarlarini eng kamida yarmisini o‘rindiqlar bilan jihozlash kerak edi (bungacha minbarlarning aksariyat qismida o‘rindiqlar yo‘q, o‘yinni tik turib ko‘rishga moslashgandi). Bu «Bernabeu» sig‘imining 98 ming kishigacha qisqartirilishiga olib keldi, chunki o‘rindiqlar bilan bir qatorda injyenerlik konstruksiyalari ham o‘rnatilgan edi. «Barselona» esa o‘shanda barcha minbarlar ustidan uchinchi qavatni qurib bitkazdi va stadion sig‘imini uchdan bir qismga oshirib, 120.000 kishiga yetkazdi.

90-yillarda Yevropa futbol assotsiatsiyalari ittifoqi (UYeFA) stadionlardagi tik turib ko‘rishga mo‘ljallangan joylardan to‘liq voz kechish talabini ilgari suradi. «Barsa» «Kamp Nou»ning barcha minbarlarini o‘rindiqlar bilan jihozlaydi va uning sig‘imi hozirgi 99 minggacha tushadi. «Real» esa o‘z stadion sig‘imining bir barobar kamayishi tahdidi ostida qoladi, shu sababli barcha minbarlar uzra uchinchi qavat qad rostlaydi va jami sig‘im 81.000 o‘rindiqqa yetkaziladi.